Xalq manfaati yo‘lidagi ustuvor vazifa
Aholi muammolarini joyiga chiqqan holda o‘rganish, mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish hamda odamlarni qiynayotgan masalalarga amaliy yechim topish bugun davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Shu maqsadda joylarda tashkil etilayotgan uchrashuvlar nafaqat mavjud ahvolni tahlil qilish, balki hududlarning ertangi taraqqiyotini belgilab beradigan muhim muloqot maydoni vazifasini ham o‘tamoqda.
Ana shunday tashriflardan biri davomida Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi E.Gadoyev hamrohligida xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi raisi J. Ashurov Buxoro tumanidagi “Yangi turmush” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, mahallada faoliyat yuritayotgan “mahalla yettiligi” a’zolari bilan atroflicha muloqot qildi.
Uchrashuvda mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani yanada yaxshilash, fuqarolarni qiynayotgan dolzarb muammolarni manzilli hal etish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, har bir murojaat va taklif yuzasidan aniq choralar belgilash, muammolarni kechiktirmasdan hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.

Tashrif davomida profilaktika inspektori faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Suhbat chog‘ida mahallada huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini mustahkamlash, profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish hamda aholi bilan ishlashning ta’sirchan mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Ta’kidlanganidek, tinch va osoyishta mahalla — har bir oilaning xotirjamligi, farzandlar kamoloti hamda yurt taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.
Deputatlar tumandagi 24-son umumiy o‘rta ta’lim maktabida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari bilan ham tanishdi. Maktabda yaratilayotgan zamonaviy o‘quv muhiti, sinfxonalar va infratuzilmaning yangilanishi, o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun barcha sharoitlarni muhayyo etishga qaratilgan ishlar yuqori baholandi. Zero, ilm-ma’rifatga yo‘naltirilgan har bir sarmoya mamlakat kelajagiga qaratilgan eng qimmatli investitsiya hisoblanadi.

Safar davomida mahallaning markaziy ko‘chasida qurilayotgan piyodalar yo‘lagi ham ko‘zdan kechirildi. Mazkur loyiha, eng avvalo, maktab o‘quvchilari, keksalar va barcha piyodalarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlash, yo‘l infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida takomillashtirishga xizmat qilishi qayd etildi. Bu kabi ezgu ishlar inson qadrini yuksaltirish va aholi turmush farovonligini oshirish yo‘lidagi amaliy qadamlar ekani alohida ta’kidlandi.
Tashrif yakunida hududlarda amalga oshirilayotgan qurilish, obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini sifatli hamda belgilangan muddatlarda yakunlash, aholi murojaatlariga mas’uliyat bilan yondashish, har bir muammoni manzilli hal etish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Buxoro tumanidagi mazkur tashrif yana bir bor shuni ko‘rsatdiki, xalq bilan ochiq muloqot qilish, mahallalarning haqiqiy ehtiyojlarini o‘rganish va ularni amaliy ishlar bilan qo‘llab-quvvatlash — mamlakat taraqqiyotining eng muhim mezonidir. Zero, inson manfaati ustuvor bo‘lgan jamiyatda mahalla ravnaqi, ta’lim sifati, xavfsizlik va obodlik bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, bugungi bunyodkorlik ishlari ertangi farovon hayot uchun mustahkam zamin yaratadi.
Zarif Komilov, O‘zA