Yoshlar kibersportda bellashdi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi tashabbusi bilan korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh ishchi-xodimlar o‘rtasida “Kasaba uyushmalarining yoshlar kubogi” kibersport musobaqasi tashkil etildi.
Yoshlar o‘rtasida sportning zamonaviy turlarini keng targ‘ib qilish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash hamda kibersportga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan musobaqada 12 ta jamoa ishtirok etdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda ishtirokchilar o‘zlarining tezkor qaror qabul qilish, diqqat-e’tibor, strategik fikrlash va jamoaviy harakat qilish qobiliyatlarini namoyish etdilar.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, 1-o‘rinni “Navoiy IES” AJning “Dark Legends” jamoasi, 2-o‘rinni “Hududgaz Navoiy” AJning “FIRE” jamoasi va 3-o‘rinni “Qizilqumsement” AJning “Burgutlar” jamoasi egalladi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, faol ishtirok etgan jamoalar munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri