Yosh shaxmatchilarimiz Serbiyada Jahon chempionatida qatnashmoqda
Bugun, 19-aprel kuni Serbiyaning Vrnyachka-Bane shaharchasida 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida o‘tayotgan FIDE jahon chempionatining blits yo‘nalishidagi dastlabki tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
40 ta davlatning 450 nafardan ziyod sportchilari qatorida O‘zbekiston terma jamoasining Afruza Hamdamova, Muhammadzohid Suyarov, Nurmuhammad Ne’matillaxonov, Islombek Hasanov, Abdumajid Botiraliyev, Akbarali Abduhakimov, Husnoraxon Husniddinova, Lazizabonu Komiljonova, Mohinur Hikmatxonova, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva singari iste’dodli vakillari o‘z yosh toifasidagi musobaqalarda dona suradi.

Chempionat kun tartibiga binoan bugun 1-6-tur o‘yinlari o‘tkazilsa, ertaga 20-aprel kuni blits yo‘nalishining so‘nggi 7-11-tur o‘yinlari tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, bir kun muqaddam Jahon chempionatining rapid yo‘nalishidagi shiddatli musobaqalar yakuniga ko‘ra, hamyurtimiz Afruza Hamdamova 8,5 ochko bilan 18 yoshlilar musobaqasida Jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA