Voleybol: “Osiyo kubogi-2026”da O‘zbekiston ayollar jamoasining raqiblari ma’lum
Osiyo voleybol konfederatsiyasi kuni kecha ayollar o‘rtasida o‘tkazilishi kutilayotgan “AVC Women’s Volleyball Cup – 2026” musobaqasining sanasi va manzilini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, ayollar jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladigan Osiyo kubogi musobaqalari 6-14-iyun kunlari Filippinning Kandon shahrida bo‘lib o‘tadi.
Mazkur nufuzli turnirda ishtiroki kutilayotgan O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi qur’a natijalariga ko‘ra, “A” guruhidan joy oldi.
Voleybolchi qizlarimiz mazkur guruhda Filippin, Xitoy Taypeyi, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston va Avstraliya jamoalari bilan kuch sinashadi.
Osiyo qit’asining kuchli ayollar terma jamoalarini bir maydonda jamlab, yuqori darajadagi raqobat va boy xalqaro tajriba almashinuvini ta’minlaydigan kubok musobaqalarining “B” guruhida Vetnam, Qozog‘iston, Eron, Indoneziya, Gongkong, Livan jamoalari bahs olib boradi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA