Yosh qutqaruvchi-volontyorlar tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanadi
Yoshlarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi xavfsizligini ta’minlash va profilaktika tadbirlaridagi faolligini oshirish, shuningdek, volontyorlik harakatini yanada rivojlantirish muhim vazifalardan biridir.
Shu maqsadda bugun, 13-avgust kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi markaziy apparatida “Yoshlar kuni” munosabati bilan yosh qutqaruvchi-volontyorlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda FVV rahbariyati va mas’ul xodimlari, O‘zbekiston Volontyorlari assotsiatsiyasi rahbari, Yoshlar ishlari agentligi vakillari hamda yosh Favqulodda vaziyatlar volontyorlari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazilib, vazir o‘zining xizmat faoliyati, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, sohadagi yangiliklar hamda hayotiy tajribalari haqida so‘zlab berdi.
Shuningdek, yosh qutqaruvchi-volontyorlarning taqdimotlari tinglanib, ular tomonidan ilgari surilayotgan loyiha va tashabbuslar, shuningdek, sohaga oid takliflar muhokama qilindi. Yoshlarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi xavfsizligini ta’minlash hamda profilaktika ishlaridagi ishtirokini yanada kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.


Muloqot davomida volontyorlik guruhlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning imkoniyat va salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, “mahalla – volontyor – davlat inspektori” tamoyili asosida uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Uchrashuv yakunida yosh qutqaruvchi-volontyorlarning tashabbuskorligi, fidoyiligi va aholi xavfsizligini ta’minlash borasidagi faol ishtiroki e’tirof etildi.
Zero, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va aholi xavfsizligini ta’minlashda faol, bilimli va tashabbuskor yoshlar — xavfsiz jamiyatning muhim tayanchidir.
Hamroz Bayonov, O‘zA