Sergelida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi
Ma’lumki, yurtimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” etib belgilangan bo‘lib, bu kuni sohaga mas’ul rahbarlar joylarga chiqqan holda yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazadi va ularning muammolarini hal etadi.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimligi tomonidan Sergeli tumanida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuvda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Shahnoza Sultonova hamda Sergeli tumani hokimining o‘rinbosari Nafisa Jo‘rayeva tumanda istiqomat qiluvchi yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Rahbar va yoshlar uchrashuvida bandlikni ta’minlash, ta’lim olish, shuningdek, xotin-qizlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi.
Suhbat davomida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari va ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi. Shuningdek, mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik va sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Muloqot yakunida yoshlarni qiziqtirgan savollarga mas’ul mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berildi. Bildirilgan murojaatlar bo‘yicha amaliy tavsiya va yo‘nalishlar belgilab berildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA