“Yosh kitobxon” tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning kitobxonlik va kitob mutolaasi madaniyatini yuksaltirish, mahalla yoshlari o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib maqsadida Andijon shahridagi Yoshlar markazida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh kitobxonlar ishtirok etib, belgilangan shartlar asosida bilimlarini namoyish etdi.
– “Yosh kitobxon” va kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan boshqa qator tanlovlar samarasi o‘laroq, yurtimizda kitobxon va bilimdon yoshlar safi yildan-yilga ortib bormoqda, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi Minhojiddin Otaboyev. – Jumladan, tanlovning viloyat bosqichida ham barcha yosh toifalari bo‘yicha ishtirokchilar o‘zlarining bilimdon ekanliklarini ko‘rsatdi.
Yakuniy natijalariga ko‘ra, tanlovining 10-14 yosh toifasi ishtirokchilari o‘rtasida Qo‘rg‘ontepa tumani vakilasi Mavluda Isroiljonova eng yuqori ball olib, birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin shahrixonlik Dilnura Shavkatxo‘jayevaga, uchinchi o‘rin esa Andijon tumani vakili O‘g‘iloy Kamoliddinovaga nasib etdi.
Tanlovining 15-19 yoshli ishtirokchilari o‘rtasida birinchi o‘rinni Qo‘rg‘ontepa tumani vakili Ilhomjon Isroiljonov, ikkinchi o‘rinni Buloqboshi tumani vakili Shodiyona Rahmatjonova, uchinchi o‘rinni Andijon tumanidan Muslima Muhammadqobulova qo‘lga kiritdi.
Tanlovning 20-30 yoshli ishtirokchilari o‘rtasida Xo‘jaobod tumani vakili Gulnigor Soliyeva birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Jalaquduq tumani vakili Shoira Abduvahobovaga, uchinchi o‘rin qo‘rg‘ontepalik Arofat Abdug‘aniyevaga nasib etdi.
O‘z yosh toifasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar tanlovning respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qiladi.
[gallery-28822]
– Qo‘lga kiritgan ushbu yutug‘im meni yanada ruhlantiradi, qolaversa, zimmamga ulkan mas’uliyat yuklaydi, – deydi tanlov g‘olibi Gulnigor Soliyeva. – Endi tanlovning respublika bosqichida ham munosib ishtirok etishga, g‘oliblar qatoridan joy olishga astoydil harakat qilaman.
Tanlovning barcha yosh toifalari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA