“Yosh kitobxon oila” tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish, ilmga chanqoq yoshlar va kitobsevar oilalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgan “Yosh kitobxon oila” tanlovining 2025-yilgi respublika bosqichi yakuniga yetdi va eng bilimdon oilalar nomi ma’lum bo‘ldi.
Kuchli intellektual salohiyat, keng mutolaa va puxta tayyorgarlikni talab etgan ushbu nufuzli bellashuvda ishtirokchilar bilim va zehn sinovidan o‘tishdi. Murosasiz bahslardan so‘ng eng kuchli kitobxon oilalar munosib taqdirlandi.

1-o‘rinni Toshkent viloyatidan Eshonqulovlar oilasi egalladi. Ular mutlaq g‘olib sifatida “Prezident sovg‘asi” — “BYD” электромобилини qo‘lga kiritdi.
2-o‘ringa ega chiqqan Toshkent shahridan Sattorovlar oilasi 50 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
3-o‘rin — Andijon viloyatidan Mahammadjonovlar oilasiga nasib etdi. Ular 30 million so‘m pul mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, ushbu nufuzli tanlovning final bosqichigacha yetib kelgan barcha ishtirokchi oilalar ham e’tibordan chetda qolmadi. Ularga 10 million so‘mdan pul mukofoti hamda qimmatli kitoblar to‘plami topshirildi.

Bunday tanlovlar yurtimizda kitobxonlik an’analarini mustahkamlash, oilalarda mutolaa muhitini shakllantirish va yosh avlodni bilimga chorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
N.Rahmonova, O‘zA