“Hayot so‘qmoqlaridagi izlar”
Yangi kitob taqdimoti
Jamiyat taraqqiyotida kitobning o‘rni beqiyos. Ayniqsa, hayotiy tajriba, ijodiy izlanish va ma’naviy xulosalar mujassam bo‘lgan asarlar inson qalbiga chuqur ta’sir o‘tkazadi. Faxriy jurnalist Ibrohim Jumayevning yaqinda nashr etilgan “Hayot so‘qmoqlaridagi izlar” nomli kitobi ham ana shunday tarbiyaviy ahamiyatga ega kitoblardan biridir.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tashabbusi bilan Navbahor tumanidagi 18- va 24-umumta’lim maktablari hamda Armijon mahallasida “Hayot so‘qmoqlaridagi izlar” nomli kitobining taqdimoti tashkil etildi.
Kitob taqdimotining bu maskanlarda o‘tkazilishi bejiz emas, albatta. Chunki ustoz-jurnalist aynan shu dargohlarda ta’lim-tarbiya olgan, shu mahallada kamol topgan.

Ibrohim Jumayev ayni paytda 78 yoshda. Ustoz uzoq yillar viloyat matbuoti, xususan, bosma nashrlarida oddiy harf teruvchilikdan viloyat “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasi bosh muharrirligigacha bo‘lgan davrni bosib o‘tgan fidoyi va qalami o‘tkir, tajribali jurnalist hisoblanadi.
Faxriy jurnalist umrining 60 yildan oshiq davrini matbuot sohasi bilan bog‘lagan. Ayni paytda nafaqada bo‘lsada, qariyb 30 yil oldin o‘zi tashkil etgan “Salomatlik” gazetasida muharrir sifatida yoshlarga ustozlik qilib kelmoqda.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda Ibrohim Jumayevning hayot yo‘li, sermahsul ijodi va viloyat matbuoti rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi haqida atroflicha fikr yuritildi.
Ta’kidlanganidek, ustozning ko‘p yillik mehnati davlatimiz tomonidan ham munosib e’tirof etilgan. Ustoz 2025-yil 26-iyundagi “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, “Sog‘lom turmush” medali bilan mukofotlangan.

– “Hayot so‘qmoqlaridagi izlar” kitobida keyingi yuz yillikda bo‘lib o‘tgan voqealar, muallif uchratgan insonlar taqdiri bayon etilgan, – deydi kitob muharriri Bahriddin Sadriddinov. – Taniqli jurnalist va yozuvchi Ibrohim Jumayevning ko‘rgan-kechirganlari, eshitgan-bilganlari, badiiy publitsistik maqolalari, hikoyalari, shogirdlar ehtiromi ushbu kitobdan o‘rin olgan. Adibning asarlari xalqona, sodda va go‘zal lahjalar bilan yozilgan. Tasvirlarga boy. Buning sababi esa yozuvchi faqat o‘zi ko‘rgan voqealarni qalamga olganligidir. Bir-birini takrorlamaydigan bo‘yoqlar kitob qahramonlarining ichki va tashqi dunyosini shu darajada aks ettirganki, beixtiyor ularning orasiga kirib qolgandek bo‘lasiz. Kitobni o‘qir ekansiz, avvalo, muallifning odilona hukmidan kuch olasiz, vaqt hukmi nuqtai nazaridan esa yarim asr nariga qadam qo‘yasiz.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan jurnalistlar va ijodkorlar yangi kitobning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib, unda jamlangan qissa, publitsistik ocherklar, hikoyalar, xotiralar va esselar har bir kitobxon uchun muhim ma’naviy ozuqa ekanini ta’kidladi. Asarda muallifning hayotga, kasbga va inson qadriga bo‘lgan munosabati chuqur tahlil va samimiylik bilan ifodalangani uning qimmatini yanada oshiradi.
– Ibrohim Jumayev bugun ham o‘zining faolligi, ijodiy izlanishlari bilan viloyatimiz matbuoti va adabiy muhiti rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda, – deydi Otabek Aslonov. – Uning ma’naviyatni yuksaltirish, kitobxonlikni targ‘ib qilish va yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlari alohida e’tirofga loyiq. Ustoz bugungi kunda ham faol.. U “Salomatlik” gazetasi tahririyati qoshida tashkil etilgan “Mahorat maktabi”da yosh jurnalistlarga kasb sirlarini o‘rgatib, o‘z tajribasini ulashib kelmoqda.
Ibrohim Jumayevning ilgari nashr etilgan “Mehrdan yaralgan dunyo”, “Birinchi dovon”, “Dovon osha”, “Munavvar yo‘l” kabi asarlari ham o‘quvchilar tomonidan iliq kutib olingan. Shuningdek, “Navoiy tibbiyoti: kecha va bugun” kitobini tayyorlashda mas’ul muharrirlik qilgan.
Tadbirlar yakunida muallif tomonidan ta’lim muassasasi va mahalla kutubxonasiga “Hayot so‘qmoqlaridagi izlar” kitobi sovg‘a qilindi.
Bu kabi adabiy-ma’rifiy tadbirlar nafaqat bir kitob taqdimoti, balki yosh avlodni tarbiyalash, ularni fikrlashga, o‘qishga, izlanishga chorlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri