Jurnalistlar Nukus tumani tibbiyot birlashmasi faoliyati bilan tanishdi
FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Nukus tumani tibbiyot birlashmasida media-tur tashkil etildi.
Dastlab ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilib, mas’ullar tomonidan tibbiyot birlashmasida amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, hozirgi kunda Nukus tumani aholisiga ambulator tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida 1 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 2 ta oilaviy poliklinika va 4 ta oilaviy shifokorlik punkti faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, statsionar davolash uchun 142 o‘ringa mo‘ljallangan markaziy shifoxona aholi xizmatida.
Mazkur davolash-profilaktika muassasalarida 105 nafar shifokor hamda 399 nafar o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimi faoliyat olib bormoqda.
Shifoxona bo‘limlari zamonaviy tibbiy jihozlar — narkoz va rentgen apparatlari, biokimyoviy analizatorlar, mikroskoplar hamda boshqa uskunalar bilan ta’minlangani qayd etildi.
Tuman tibbiyot birlashmasini raqamlashtirish borasida ham qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, muassasa 99 ta kompyuter, 55 ta planshet, 16 ta smart televizor, 4 ta printer, 5 ta veb-kamera, 29 ta termoprinter, 4 ta infokiosk hamda boshqa zarur texnik vositalar bilan ta’minlandi. Shuningdek, TIKA xalqaro grant loyihasi doirasida zamonaviy ultratovush diagnostika uskunasi olib kelindi.
[gallery-29559]
Yaratilgan bunday sharoitlar aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish va salomatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Media-tur davomida jurnalistlar tibbiyot birlashmasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, tibbiyot xodimlari hamda bemorlar bilan muloqot qildi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA