Yosh kinoijodkorlarimiz Kann xalqaro kinofestivalini zabt etdi
“Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” qisqa metrajli filmi Kann shahrida o‘tkazilgan “Festival International du Film Inclusif ENTRE DEUX... CANNES” festivalida gran-pri mukofotiga loyiq topildi.
Garchi bu loyiha asosiy Kann kinofestivalining rasmiy tanlov dasturiga kirmasa-da, lekin u bilan bir vaqtda va parallel tarzda Kann shahrida o‘tkaziladigan mustaqil inklyuziv kinofestivaldir.
Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda kino san’atini rivojlantirish, yosh kinoijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yaratilayotgan keng imkoniyatlar o‘zbek kinoijodkorlarining xalqaro maydondagi ishtirokini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Buning natijasida Fransiyaning Kann shahrida 17-marta tashkil etilgan “ENTRE DEUX CANNES” xalqaro inklyuziv kinofestivalida Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida “Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” qisqa metrajli filmi Gran-prini qo‘lga kiritdi.
“Qadam” qisqa metrajli filmi — bu ona va farzandning mehri, o‘zaro samimiy munosabatlari, sabr va jamiyatdagi tushunmovchiliklarga qarshi kurash haqidagi film.

Yusuf — Daun sindromli bola, ammo u musiqaga mehr qo‘ygan, yuragida quyosh nuri bilan yashaydi. Onasi Zilola uni hayotga tayyorlaydi, odamlar orasida o‘rni borligini isbotlashga urinadi. Film mehr, insoniylik va daun sindromi bilan tug‘ilgan bolaning jamiyatga qo‘shilib ketishi haqida.
Filmni sahnalashtiruvchi rejissyorlar – Suhrob Qodirov va Dilshod Usmonov. Sahnalashtiruvchi rassom – Isobek Egamberdiyev.
Sahnalashtiruvchi operator – Kamoliddin Ziyovuddinov.
Film direktori – Husniddin Boymatov. Studiya rahbari – Alisher Abdunazarov.
N.Usmonova, O‘zA