Mahsulotning daladan dasturxongacha bo‘lgan “yo‘li” ravon bo‘lishi kerak
Prezident tashabbuslari – amalda
Oilangiz bilan kechki dasturxon atrofidasiz. Taomlar mazali, kayfiyat a’lo. Yaxshi pishgan go‘sht, muzdekkina qatiq, yaqinda uzilgan meva-chevalar... Bu mahsulotlar xonadoningizga yetib kelgunga qadar qanday yo‘lni bosib o‘tgani haqida hozir birozgina tasavvurlarni jonlantiramiz.
Go‘sht yaylovda boqilgan chorvadan olingan. Unga qanday yem berilgan, qayta ishlash va tashish jarayonida tozalikka qanchalik rioya qilingan? Qatiq, mevalar qayerniki bo‘lsa? Bu ne’matlar ekologik tozadir-a? Har xil dori-darmonlar bilan shishirilmagan bo‘lsa kerak?
Mana shu oddiy hayotiy savollar zamirida butun boshli mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi masalasi qanday muhimligi yotadi. Shu sababli ham, bugungi kunda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish va chorvachilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash milliy strategik zaruriyatga aylandi.
Iqlim o‘zgarishi sharoitida oziq-ovqat zanjirini nazorat qilishda eskicha uslublar samara bermay qo‘ydi. Bugun davlat boshqaruvini takomillashtirish deganda, daladan tortib to iste’molchining dasturxonigacha bo‘lgan jarayonni yagona tizimga solish tushuniladi. Agar davlat bu zanjirda kuchli nazorat va zamonaviy standartlarni o‘rnatmas ekan, bozorni sifatsiz, kimyoviy moddalar bilan me’yoridan ortiq ishlov berilgan yoki veterinariya ko‘rigidan o‘tmagan mahsulotlar egallab olishi hech gap emas.
Bu zanjirning eng muhim va nozik halqalaridan biri, shubhasiz, chorvachilik sohasidir. Go‘sht va sut mahsulotlari inson organizmi uchun zarur bo‘lgan oqsil va hayotiy elementlarning asosiy manbai hisoblanadi. Biroq chorvachilik juda katta kapital, uzoq muddatli mehnat va yuqori tavakkalchilik talab qiladigan soha.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-may kuni oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish hamda chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgan edi.
Bugun mamlakatimizda oziq-ovqat ta’minotini yaxshilash uchun juda katta imkoniyatlar yaratilgan. Raqamlarga e’tibor bering. Bizda 4 million gektar ekin maydoni bor. Mahsulotlarni asrash uchun 1,5 million tonna sig‘imga ega omborlarimiz ishlab turibdi. Bundan tashqari, yana 3,5 million tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatlariga egamiz. Bular xalqimizni arzon va sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlashga xizmat qilyapti. Shuningdek, yiliga 4 milliard dollarlik mahsulotni chetga eksport qilyapmiz. Bu davlat miqyosida juda katta poydevor, lekin biz bu joyda to‘xtab qololmaymiz.
Oldimizga juda jiddiy marra qo‘yilgan. O‘zbekiston 2030-yilga qadar oziq-ovqat mahsulotlari eksportini 10 milliard dollarga yetkazishi kerak. Buning ustiga eksport geografiyasini yana 100 ta davlatga kengaytirish maqsad qilingan. Bu marralarga eskicha ishlash yoki faqat qog‘ozdagi nazorat bilan yetib bo‘lmaydi. Tizim dunyo standartlariga to‘liq mos kelishi shart.
Afsuski, shu kungacha sohada kamchiliklar bor edi. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va nazorati bilan bir yo‘la uchta idora shug‘ullanib keldi. Oqibatda sanitariya, veterinariya va karantin organlari o‘rtasida yagona ma’lumotlar bazasi shakllanmagan. Ayrim vazifalar esa bir-birini takrorlab yotgan edi. Bu esa tadbirkorlarning eksport va import jarayonlarida ortiqcha sarson bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Ro‘yxatga e’tibor qiling. O‘simliklar karantini agentligida 100 ta, Veterinariya qo‘mitasida 115 ta, sanitariya-epidemiologiya tizimida 44 ta vazifa va funksiya mavjud. Lekin shuncha nazoratchi bo‘laturib, mahsulotni “yetishtirishdan iste’molchigacha” kuzatib borish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan edi. Nazorat faqat oxirgi bosqichda, ya’ni mahsulot tayyor bo‘lgandagina qilingan.
Buning oqibati eksportda ham bilinib qoldi. Nazorat idoralari faqat yakuniy mahsulotni tekshirish bilan chegaralanib qolgandi. Ishlab chiqarish zanjirida xalqaro standartlarni joriy qilishga esa yetarlicha e’tibor berilmagan. Xalqaro bozorlarda raqobatdosh bo‘lish uchun bu tizimni tubdan o‘zgartirish zarur edi.
Shu munosabat bilan sohani chuqur isloh qilish va xalqaro talablarga mos yagona markazlashgan tizim yaratish belgilandi. Endi “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida barcha nazorat jarayonlarini qamrab oladigan Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etiladi. U O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya qo‘mitasi va Sanepidqo‘mitaning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishi negizida shakllantiriladi.
Yangi tizimda eskirgan, tadbirkor faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan tekshiruvlardan butunlay voz kechiladi. Oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlash bekor qilinadi. Uning o‘rniga xavfga asoslangan nazorat va tekshiruv tartibi joriy etiladi.
– Yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan oziq-ovqat xavsizligini yangi bosqichga olib chiqadigan yangi tizimning ahamiyati to‘liq tushuntirib berildi, – deydi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Akmaljon Qosimov. – Bu tadbirkorlarimizga yengillik. Ko‘plab davlatlarda mahsulot sifati bilan birga uni nazorat qiladigan tizimga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tizim Jahon savdo tashkiloti talablariga ham mos kelgani bilan ham ahamiyatli. O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish uchun juda katta imkoniyat bor. Mamlakatimizda 16 million gektar yaylov mavjud. Biroq bu ulkan salohiyatning atigi 10 foizidan foydalanilyapti, xolos. Shu bois, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. U Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi negizida faoliyat boshladi. Ozuqa bazasini kengaytirish va naslchilikni yaxshilash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatda bittadan tuman chorvachilikka ixtisoslashtiriladi.
Chorvadorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ham belgilab berildi. 1-iyundan boshlab tijorat banklari yillik 10 foiz stavkada, 4 yil imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga kreditlar ajratadi. Nasldor chorvani import qiluvchilar esa 2029-yilgacha qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.
Bu o‘zgarishlar oddiy odamlar hayotiga ham ta’sir qiladi. Davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan bu qadamlar farzandlarimiz sog‘lig‘i, dasturxonimiz to‘kinligi va cho‘ntagimiz barakasidir.
Qachonki bozorda go‘sht va sut ko‘paysa, narx-navo barqaror bo‘ladi. Nazorat to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, do‘kondan olayotgan mahsulotimizning sifatiga shubha qilmaydigan bo‘lamiz. Eng muhimi, mana shunday tizimli islohotlar tufayli qishloqdagi oddiy chorvador ham, shahardagi tadbirkor ham ertangi kuniga ishonib mehnat qiladi. Dasturxonimiz fayzi, farzandlarimiz salomatligi esa bizning asosiy maqsadimiz bo‘lib qolaveradi.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA sharhlovchisi