Yosh harbiylar bilan ma’naviy-ma’rifiy muloqot o‘tkazildi
Mirzaobod tumanidagi Safarbarlik chaqiruv rezervi batalonida yosh harbiy xizmatchilarning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, ularda tarixiy xotira, Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat va fuqarolik mas’uliyati tuyg‘ularini mustahkamlash maqsadida «Ma’rifat karvoni» oyligi doirasida «Ma’naviyat kechasi» tashkil etildi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda yosh harbiy xizmatchilarga milliy tariximizning murakkab davrlari, ajdodlarimizning hayoti va taqdiri, xalqimiz boshidan kechirgan og‘ir sinovlar haqida ma’lumotlar berildi. Tarixiy xotirani asrash, milliy o‘zlikni anglash va ajdodlar merosini chuqur o‘rganishning bugungi avlod tarbiyasidagi ahamiyati xususida fikr almashildi.

Tadbir O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, Mudofaa ishlari boshqarmasi Faxriylar kengashi, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi, Guliston davlat universiteti qoshidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Mirzaobod tuman bo‘linmasi, Mirzaobod tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda “Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati vakillari hamkorligida o‘tkazildi.

Tadbir davomida tarix, ma’naviyat, vatanparvarlik va hayotiy tajriba uyg‘unligida ochiq muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda yurtimiz tarixining murakkab davrlari, xalqimiz boshidan kechirgan og‘ir sinovlar, tarixiy xotirani asrash va ajdodlar merosini o‘rganishning ahamiyati haqida fikr yuritildi.

Ayniqsa, qatag‘on siyosati va uning xalqimiz taqdiriga ko‘rsatgan fojiali oqibatlari haqidagi ma’lumotlar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Guliston davlat universiteti qoshidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent O‘g‘iloy Erbo‘tayeva qatag‘on qurbonlarining hayoti va taqdiri, o‘sha davr voqealarining tarixiy mohiyati hamda tarixiy haqiqatni tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, «O‘lkada yuritilgan qatag‘onlik siyosati oqibatlari» kitobining taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimot davomida yosh harbiy xizmatchilar milliy tariximizning murakkab va achchiq sahifalari, qatag‘on siyosatining xalqimiz hayotiga ko‘rsatgan ta’siri, tarixiy haqiqatni o‘rganish va uni kelajak avlodga yetkazish mas’uliyati haqida zarur tushunchalarga ega bo‘ldi.

Uchrashuvda mehnat faxriysi, ijodkor, shoir Jumaboy Qosimovning ishtiroki ham tadbirga alohida mazmun bag‘ishladi. U yosh harbiy xizmatchilar bilan samimiy muloqot qilib, hayotiy tajribasi, mehnat faoliyati va ijodiy izlanishlari haqida so‘zladi. Shoirning Vatanga muhabbat, insonparvarlik, fidoyilik va ajdodlar xotirasini e’zozlashga chorlovchi she’riy chiqishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Davra suhbatlarida faxriylarning hayotiy saboqlari, “Ma’rifat" targ‘ibotchilarining fikrlari va ijodkorlarning chiqishlari orqali yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, ularda mustaqil fikrlash, yurt taqdiriga daxldorlik va fuqarolik mas’uliyatini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Mirzaobod tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Farrux Qaynarov tomonidan «Qutqaruvchilik — muqaddas burch» mavzusida suhbat o‘tkazildi. Unda inson hayoti va xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, murakkab holatlarda tezkor va mas’uliyatli harakat qilish, qutqaruvchilik kasbining sharafi va mas’uliyati haqida so‘z yuritildi.

Tadbirda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi harbiy bo‘lim boshlig‘i, kapitan Furqatjon Azimov, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi yetakchi mutaxassisi, iste’fodagi podpolkovnik Odil Muhammadjonov, Sirdaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi mayor Burxon Abdualimov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Mirzaobod tuman bo‘linmasi bosh mutaxassisi Guljahon Xolmurodova, “Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Bashorat Qodirova, harbiy xizmatchilar va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.«Ma’naviyat kechasi» doirasidagi muloqot va taqdimotlar yosh harbiy xizmatchilar uchun nafaqat tarixiy bilimlarini boyitish, balki Vatan, xalq va yurt oldidagi burchini chuqurroq anglash imkonini berdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri