Bolalarimiz huquqlari himoyalangan muhitda ulg‘ayishi kerak
Voyaga yetmagan bolalarga nisbatan turli ko‘rinishdagi zo‘ravonlik holatlari sodir etilayotgani keng jamoatchilikning muhokamalari, e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Bunday jirkanchliklarga qarshi keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilishiga qaramay, hamon bolalarga zo‘ravonlik qilish holatlari uchrab turibdi.
Shu bois, «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun ishlab chiqilib, unda pedofillarga nisbatan keskin choralar ko‘rish bo‘yicha javobgarliklar kuchaytirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulchehra Tojiboyeva o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Bugungi kunda bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularning sog‘lom va xavfsiz muhitda kamol topishini ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Keyingi yillarda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari hamon jiddiy e’tiborni talab qilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi bilan 2022-yilda 85 ta, 2023-yilda 108 ta, 2024-yilda 129 ta, 2025-yilda esa 123 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu ko‘rsatkichlar bolalarni, ayniqsa, jinsiy zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Parlament quyi palatasi tomonidan qabul qilingan «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun aynan shu maqsadga qaratilgan bo‘lib, unga ko‘ra, 5 ta kodeks va 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, 14 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan nomusga tegish yoki jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ayrim og‘ir jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan ayrim yengillashtiruvchi tartiblarni qo‘llamaslik taklif etilmoqda. Voyaga yetmaganga nisbatan qasddan og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish ham og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanmoqda.
Shuningdek, hujjatda zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuvga qayd etish, ayrim holatlarda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokini ta’minlash nazarda tutilmoqda. Bu bolaning huquq va manfaatlarini sudga qadar va sud jarayonlarida yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, bolaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, shahvoniy shilqimlik qilish, bolani tarbiyalash majburiyatini bajarmaslik, nikoh yoshiga oid talablarni buzish kabi holatlar uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi.
Qonunning yana bir muhim jihati — zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatining mustahkamlanayotgani. Ta’lim jarayonida pedagog tomonidan bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi esa mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos sifatida belgilanmoqda.
Umuman, mazkur qonun bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jabrlangan bolalarga huquqiy va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish hamda aybdor shaxslarning javobgarligini ta’minlashga qaratilgan kompleks choralarni qamrab oladi.
Eng muhimi, har bir bola o‘zini xavfsiz his qilishi, uning sha’ni, qadr-qimmati va huquqlari himoyalangan muhitda ulg‘ayishi kerak. Zero, bola huquqlarini himoya qilish bu nafaqat qonunchilik vazifasi, balki jamiyatning kelajak oldidagi mas’uliyatidir.
Muhtarama Komilova,
O‘zA