Yo‘lovchilar va tadbirkorlar murojaatlari tinglandi
Buxoroda “Uzbekistan Airways” AJ rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi. Uchrashuvda davlat idoralari, Savdo-sanoat palatasi, turizm va yoshlar ishlari bo‘yicha hududiy boshqarmalar vakillari, jismoniy va yuridik shaxslar, aviachiptalar sotuvi agentlari, sayyohlik kompaniyalari, tadbirkorlik sub’ektlari hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari qatnashishdi.
Muloqotning asosiy e’tibori aholi va tadbirkorlarning murojaatlarini tinglash, ularni qiynayotgan masalalarga amaliy yechim topish, shuningdek, aviatsiya xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni o‘rganishga qaratildi.
Bugungi kunda aviatransport xizmatlarining qulayligi va sifati nafaqat yo‘lovchilarning safardan mamnunligi, balki hududning turistik salohiyati, tadbirkorlik faolligi va iqtisodiy aloqalar rivojida ham muhim o‘rin tutadi. Shu bois sohadagi muammolarni bevosita xizmatdan foydalanuvchilar ishtirokida muhokama qilish, ularning fikr va takliflarini eshitish alohida ahamiyat kasb etadi.
Sayyor qabul davomida aviachiptalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi agentlar va sayyohlik tashkilotlari vakillari xalqaro tajriba asosida takomillashtirishni talab etadigan masalalar yuzasidan o‘z qarashlarini bayon qildilar. Yo‘lovchi va yuk tashish jarayonlari, xizmat ko‘rsatishda uchrayotgan muammolar hamda aviaxizmatlar samaradorligini oshirishga doir takliflar muhokama qilindi.
E’tiborli jihati, yo‘lovchilarni tashvishga solayotgan masalalarning aksariyati uchrashuvning o‘zidayoq hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish va tegishli choralar ko‘rishni talab qiladigan murojaatlar esa aviakompaniyaning mas’ul tarkibiy bo‘linmalariga yo‘naltirildi.
[gallery-31970]
Bu kabi qabullarning ahamiyati shundaki, ular fuqaro yoki tadbirkorning muammosini eshitish bilan cheklanmay, uning yechimini izlash, mas’ullarni belgilash va xizmat ko‘rsatishdagi kamchiliklarni aniqlash imkonini beradi. Eng muhimi, bildirilgan takliflar amaliyotga tatbiq etilsa, bunday muloqotlar sohadagi muammolarning oldini olishga ham xizmat qiladi.
Uchrashuvda “Uzbekistan Airways” AJ guruhi tarkibiga kiruvchi “Silk Avia” aviakompaniyasi negizida ichki aviaqatnovlar bozorini rivojlantirish masalalari yuzasidan ham batafsil ma’lumot berildi.
Mamlakatimiz hududlari o‘rtasida havo qatnovlarini ko‘paytirish, aholi uchun safarlarni yanada qulay va samarali tashkil etish, shuningdek, ichki turizm imkoniyatlarini kengaytirish bugungi aviatsiya sohasining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Ayniqsa, tarixiy obidalari, boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyati bilan ajralib turadigan Buxoro kabi hududlar uchun qulay aviaqatnovlar turistlar oqimini oshirish, tadbirkorlik aloqalarini mustahkamlash va hududlararo hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, ichki aviaqatnovlarni rivojlantirish faqat transport xizmati doirasidan tashqariga chiqib, turizm, savdo-sotiq va xizmatlar sohasining o‘sishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Qatnovlar qulayligi, chiptalarni xarid qilish imkoniyatlari va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati esa bu jarayonning muhim tarkibiy qismlaridir.
Prezidentimiz tomonidan davlat idoralari va tashkilotlar faoliyatida xalq bilan ochiq muloqotni kuchaytirish, fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, odamlarni qiynayotgan muammolarga joyida yechim topish va aholi manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sayyor qabullar ham ana shu yondashuvning amaliy ifodalaridan biri bo‘lib, rahbarlar va xizmat iste’molchilari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishga xizmat qiladi.
Bunday uchrashuvlarning samarasi, avvalo, murojaatlarning qanchasi tinglangani bilan emas, balki ular bo‘yicha qanday amaliy choralar ko‘rilgani, muammolar qay darajada bartaraf etilgani va bildirilgan takliflar xizmatlar sifatida qanday aks etgani bilan belgilanadi. Shu ma’noda, Buxoroda o‘tkazilgan sayyor qabul aviatsiya sohasidagi mavjud masalalarni joyida muhokama qilish va ularning yechimiga qaratilgan takliflarni o‘rganish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
“Uzbekistan Airways” AJ vakillari bunday uchrashuvlarni respublikaning boshqa hududlarida ham davom ettirish, yo‘lovchilarning muammolariga yechim topish, ularning fikr va takliflarini o‘rganish hamda xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha ishlarni izchil olib borishini bildirdilar.
Zero, zamonaviy va samarali aviatsiya xizmati, eng avvalo, yo‘lovchi manfaatlarini ustuvor qo‘yish, murojaatlarga befarq bo‘lmaslik va bildirilgan takliflarni aniq natijalarga aylantirishdan boshlanadi. Ochiq muloqot ana shu maqsadlarga erishishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari