286 nafar o‘quvchi «Jasorat» yo‘lini tanladi
Sirdaryoda 286 nafar o‘quvchi «Jasorat sinflari»ga qabul qilinib, Vatanga sadoqat, mardlik va qat’iyat yo‘lida ilk va’dalarini berdi. Hayajon va iftixorga to‘la marosim ular uchun shunchaki tantana emas, balki yurt ishonchini oqlash, yuksak maqsadlar sari intilish va Vatanga munosib farzand bo‘lib kamol topish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Guliston shahrida joylashgan Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasida o‘tkazilgan va’da berish marosimi viloyatning 11 ta tuman va shahridagi «Jasorat sinflari»ga qabul qilingan 5-sinf o‘quvchilari uchun unutilmas voqeaga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi sadolari ostida boshlangan tadbirda Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar hamda Maktabgacha va maktab ta’limi tizimining hududiy boshqarmalari vakillari, faxriy harbiylar, ustozlar, o‘quvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etishdi.
«Jasorat maktablari» — yosh avlodni Vatanga sadoqat, mardlik va qat’iyat ruhida tarbiyalashga qaratilgan muhim ta’limiy tashabbus. Prezident — Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 15-noyabrdagi «O‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida tashkil etilgan ushbu maktablar yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasida muhim o‘rin tutadi. Sirdaryo viloyatida ham 11 ta «Jasorat maktabi» faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Bu dargohlarda o‘quvchilar nafaqat puxta bilim olish, balki intizomli bo‘lish, qiyinchiliklarni yengib o‘tish, jamoa bilan ishlash va zimmasiga yuklatilgan vazifalarga mas’uliyat bilan yondashishni ham o‘rganadi. Umumta’lim fanlari bilan bir qatorda harbiy tayyorgarlik, amaliy mashg‘ulotlar va turli yo‘nalishdagi to‘garaklar ularning qobiliyatlarini rivojlantirish, salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. Eng muhimi, yoshlar qalbida Vatan taqdiriga daxldorlik, yurt tinchligi va osoyishtaligini asrashga mas’ullik tuyg‘ularini mustahkamlaydi.
[gallery-31963]
Marosim davomida ota-onalarning faxrga to‘la nigohlari, ustozlarning samimiy tabriklari va yoshlarning hayajoni tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Amir Temur bobomizning jasoratlarini aks ettirgan sahnaviy chiqishlar, Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlar, Milliy gvardiya va Mudofaa vazirligi harbiylarining namoyishkorona chiqishlari ishtirokchilarda g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi. Qurol-aslahalar namoyishi esa yoshlarning harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.
— Va’da berish — shunchaki marosim emas. Bu Vatanni qalbdan sevish, yurt taqdiriga daxldorlikni his etish va zarur paytda uni himoya qilishga tayyor turish demakdir. Bugun «Jasorat» sinflariga qabul qilingan o‘g‘il-qizlarimizning ko‘zlarida Vatanga muhabbat, qalblarida esa yuksak maqsadlarga intilish tuyg‘ularini ko‘rish mumkin. Bu nafaqat ularning, balki ota-onalari va ustozlarining ham quvonchi. Ishonamanki, bugungi marosim yoshlarimiz hayotida unutilmas xotira bo‘lib qoladi va ularni kelgusida ham yurtga sadoqat bilan xizmat qilishga ruhlantiradi, — deydi Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Davron Isoqov.
Darhaqiqat, jasorat faqat katta sinovlardagi mardlikda emas, balki bilim olishga intilish, intizomli bo‘lish va berilgan va’daga vafo qilishda ham namoyon bo‘ladi. Bugun va’da bergan sirdaryolik yoshlar uchun bu marosim ana shu ezgu fazilatlarni hayot mezoniga aylantirish yo‘lidagi ilk qadamdir.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA