Yirik miqdordagi qonunbuzarliklar yuzasidan huquqiy choralar ko‘rilmoqda
Energetika resurslaridan oqilona va qonuniy foydalanishni ta’minlash, shuningdek, elektr va yoqilg‘i-energetika sohasidagi nazoratni kuchaytirish maqsadida tizimli tekshiruvlar davom ettirilmoqda.
Ayniqsa, bugungi kunda aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan resurslardan noqonuniy yoki sifatsiz mahsulotlar orqali foydalanish holatlarini bartaraf etish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
“O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyevning ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan navbatdagi nazorat tadbirlari davomida energetika sohasida bir qator qoidabuzarliklar aniqlangan.
Xususan, Samarqand viloyatining Narpay tumanida fuqaro Ye.B. ga qarashli suv nasoslari o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulanib, hisobga olinmagan tarzda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu holat natijasida elektr ta’minoti korxonasiga 4 milliard 336 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida “K.S.U.K.” fermer xo‘jaligiga qarashli suv nasoslari hisoblagichdan tashqari tarmoqqa ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelgani ma’lum bo‘lgan. Bu holatda davlat manfaatlariga 347 million so‘mlik zarar yetkazilgani qayd etildi.
Bundan tashqari, Buxoro viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirida “D. K.” MCHJga qarashli shoxobchasida dizel yoqilg‘isi laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazildi. Unga ko‘ra, dizel yoqilg‘isi davlat standart talablariga mos kelmasligi, ya’ni sifatsiz ekanligi aniqlandi.
Ushbu qoidabuzarlik bo‘yicha realizatsiya qilingan 8 920 litr dizel yoqilg‘isi uchun 50 foiz miqdorida, ya’ni 51,6 million so‘m jarima qo‘llanildi. Shuningdek, qoldiq holda saqlanayotgan sifatsiz neft mahsulotlarini sotuvga chiqarmaslik hamda ularning sifatini belgilangan tartibda tiklash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan tegishli huquqiy choralar ko‘rilmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA
--0--