Kam ta’minlangan shaxslarning huquqlari Konstitutsiyaviy sudda samarali himoya qilinadi
Fuqarolarning malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu ularning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirishda muhim omil bo‘layotir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilinganda qanday yuridik yordam olish mumkin? Bu savolga Konstitutsiyaviy sud matbuot xizmati rahbari Kamola Hamidova javob berdi:
— O‘zbekiston – ijtimoiy davlat. Bu norma Konstitutsiyaning 1-moddasida belgilangan. Ijtimoiy davlat – har bir fuqaro ijtimoiy adolatdan foydalanishi, davlatdan g‘amxo‘rlik kutishi va o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolmasligi huquqiy jihatdan kafolatlanganini anglatadi. Bu, “Inson qadri uchun!” degan ulug‘vor g‘oyani hayotga tatbiq etishning konstitutsiyaviy asosi hamdir.
2026-yil 20-aprelda “Kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
Aytib o‘tish kerakki, 2021-yilda ilk bor fuqarolar va yuridik shaxslarga Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish huquqi berildi va bu huquq yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 133-moddasida mustahkamlandi. Ya’ni, sudda himoya qilishning barcha bosqichidan so‘ng, qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish bo‘yicha murojaat etish huquqi kiritildi. Mazkur huquqning qonunda aks etishi natijasida Konstitutsiyaviy sudga murojaatlar soni ham keskin oshdi.

Qonun Konstitutsiyaviy sudning 2024-yilda mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotida berilgan taklif va tavsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan.
Konstitutsiyaning 29-moddasiga muvofiq, har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlangan. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatiladi.
Mazkur konstitutsiyaviy normalar takomillashtirilib, «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida» va «Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi qonunlarga qo‘shimcha kiritildi.
Unga ko‘ra, kam ta’minlangan shaxslar, agar ular muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida Konstitutsiyaviy sudga murojaat etganda davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega ekanligi belgilandi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 55-moddasida har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli ekanligi belgilangan.
Har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan.
Biroq barcha fuqarolar zarur huquqiy bilimga ega bo‘lavermaydi. Bunday hollarda fuqarolar huquqiy yordam olishga ehtiyoj sezadi. Kam ta’minlangan shaxslar esa huquqiy yordam olish uchun zarur mablag‘ga ega bo‘lmasligi mumkin.
Shuning uchun kam ta’minlangan shaxslarga o‘z huquq va erkinliklarini himoya qilishda malakali yuridik yordam olishlari uchun huquqiy asos yanada mustahkamlandi.
Keyingi yillarda mamlakatda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, yangilangan Konstitutsiyaning 133-moddasida agar qonun fuqarolar va yuridik shaxslarning fikricha, ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq kelmasa hamda sudda ko‘rilishi tugallangan muayyan ishda qo‘llanilgan bo‘lsa va sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, ular qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish to‘g‘risidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishga haqli ekanligi belgilandi.
Mazkur qonun belgilangan tartib-taomillar va shartlarga muvofiq to‘liq yoki qisman davlat hisobidan ko‘rsatiladigan, jismoniy shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan malakali yuridik yordam ko‘rsatishni yanada takomillashtirishni nazarda tutadi.
Davlat hisobidan yuridik yordam – kam ta’minlangan shaxslarga, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilgan shaxslarga hamda psixiatriya yordami ko‘rsatilayotgan shaxslarga ko‘rsatiladi.
Davlat hisobidan yuridik yordam olish istagini bildirgan shaxs “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali elektron shaklda yoki maxsus vakolatli davlat organiga og‘zaki yoki yozma shaklda murojaat qilishi mumkin. Shuningdek, ishni ko‘rib chiqayotgan vakolatli organ yoki mansabdor shaxsga davlat hisobidan advokat ajratilishi haqida iltimosnoma berishi kerak.
Qonunga asosan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tanlash imkoniyati yaratilgan.
Advokatlarni ishga jalb etish inson omilisiz “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali tasodifiy tanlanadi.
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatgan advokatlar haqidagi ma’lumotlar ochiq va shaffof holda “Yuridik yordam” axborot tizimida e’lon qilinadi.
Bepul yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatlarining kengaytirilgani va shaffof tizim yaratilgani fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshiradi.
Yangi qonun fuqarolarning sud orqali samarali himoya etilishini ta’minlaydi. Muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida Konstitutsiyaviy sudga murojaat etgan shaxslar shikoyatlari mazmunan va sifatli tayyorlanishiga ko‘maklashiladi.
Fuqarolarning buzilgan konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini tiklash yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyati kengayadi. Kam ta’minlangan fuqarolarning huquqlari barcha sudlarda, xususan Konstitutsiyaviy sudda samarali himoya qilinadi. Mazkur sudda ko‘riladigan ishlarning sifati yanada oshadi.
N.Abduraimova,
O‘zA