"Yil o‘qituvchisi" tanlovining baxmallik g‘olibi
Prezident tashabbusi bilan joriy etilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovining yakuniy natijalari asl mehnat sohiblarini keng jamoatchilikka tanitdi. Ilk bor o‘tkazilgan ushbu tanlovda Jizzax viloyatining Baxmal tumani ixtisoslashtirilgan maktabi kimyo fani o‘qituvchisi Turg‘un Jonzoqov ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Bu bir ustozning shaxsiy yutug‘i bo‘lish bilan birga, Baxmal tumani ta’lim tizimi uchun ham quvonchli voqea. Ayniqsa, kimyo fani kabi murakkab va keng qamrovli bilimlarni yosh avlodga puxta yetkazish, ularni izlanish va kashfiyotlarga qiziqtirish o‘qituvchidan yuksak kasbiy mahorat bilan bir qatorda, sabr va ijodiy yondashuvni ham talab etadi.

“Yil o‘qituvchisi” tanlovining mazmun-mohiyati ham pedagog kasbining ana shu jihatlarini yuzaga chiqarishga qaratilgan. Ushbu tanlovning asosiy maqsadlaridan biri kasbiy salohiyati va pedagogik mahorati yuqori bo‘lgan o‘qituvchilarni aniqlash, ularning ilg‘or tajribasini ommalashtirish va ta’lim sifatini oshirishga hissa qo‘shishdan iborat.
Joriy yilgi tanlovda 46 ming nafardan ortiq pedagog ishtirok etgani uning qamrovi va o‘qituvchilar o‘rtasidagi qiziqish yuqori bo‘lganini ko‘rsatadi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 208 nafar pedagog g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Mukofotning salmog‘i, avvalo, o‘qituvchi mehnatiga bo‘lgan e’tibor va rag‘batning yangi bosqichini ifoda etadi. Biroq haqiqiy ustoz uchun eng katta mukofot shogirdlarining yutug‘i, ularning ilmga intilishi va hayotda o‘z o‘rnini topishidir.
Turg‘un Jonzoqovning “Yil o‘qituvchisi” tanlovidagi g‘olibligi ana shu ezgu mehnatning munosib e’tirofi bo‘ldi. Baxmallik ustozning bu zafari ortida ta’limga muhabbat, kasbga sadoqat va doimiy izlanish bor.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri