O‘zbekiston avtomobil bozorida barqaror faollik saqlanib qolmoqda
Joriy yilning avgust oyida yengil avtomobillar umumiy savdosining qariyb yarmi (50,2 foiz) ikkilamchi bozor hissasiga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, o‘sishga asosiy hissani mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar qo‘shdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston avtomobil bozoridagi faollik dinamikasini muntazam tahlil qilib boradi. Sharh avtomobil bozorining asosiy segmentlari va hududlardagi o‘zgarishlarni qamrab oladi.
Avgust oyi yakunlariga ko‘ra, barcha turdagi avtotransport vositalari (birlamchi, ikkilamchi va elektromobillar) savdosi 79 mingtadan oshdi, bu o‘tgan oy ko‘rsatkichiga deyarli mos keladi.
Avgust oyida yengil avtomobillar savdosi 62,5 mingtani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 2,2 foizga oshdi.
Bir oy davomida avtotransport vositalari savdosi respublikadagi 14 ta hududdan 9 tasida o‘sdi. Eng yuqori o‘sish Buxoro (19,1 foiz), Toshkent (11,9 foiz) va Xorazm viloyatlarida (10,8 foiz) qayd etildi.
O‘tgan oyga nisbatan faollikning eng katta pasayishi Toshkent shahrida (-10,1 foiz), Andijon (-2,7 foiz) va Farg‘ona viloyatlarida (-2,1 foiz) kuzatildi.
Bir oy davomida yangi yengil avtomobillar savdosi 20,5 foizga o‘sib, 30,6 mingtaga yetdi. O‘sishga asosiy hissani mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar qo‘shdi, ularning savdosi qariyb 25 foizga oshib, 25,3 mingtani tashkil etdi.
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi 5,3 mingtani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 7 foizga oshdi..
Bir oy davomida foydalanilgan yengil avtomobillar savdosi 10,8 foizga kamayib, qariyb 32 mingtani tashkil etdi.
Avgust oyida birlamchi va ikkilamchi bozorlarda elektromobillar savdosi 9,2 mingtani tashkil etib, o‘tgan oy darajasida saqlanib qoldi.
Faollikning o‘sishi respublikaning aksariyat hududlarida qayd etildi. Eng ko‘p elektromobil Toshkent shahrida (6,3 mingta), Farg‘ona (662 ta) va Toshkent viloyatlarida (455 ta) sotildi.
Elektromobillar savdosi Toshkent shahrida yuqori darajada jamlangan bo‘lib, poytaxt hissasi bozor umumiy hajmining 68,5 foizini tashkil etdi.
Shu bilan birga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan elektromobillar savdosi 44,5 foizga o‘sdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA