Yevropa Turkiyadan sovutgich yetkazib berishni so‘radi
Yevropa mamlakatlarida kuzatilayotgan haddan ziyod issiq to‘lqin konditsionerlarga talabni keskin oshirdi. “Türkiye Gazetesi” xabariga ko‘ra, zaxira kamayishi sababli, Fransiya va Germaniya turk kompaniyalariga sovutgichlarni shoshilinch ravishda yetkazish bo‘yicha so‘rov bilan murojaat qilgan.
“Daikin Turkey” bosh direktori o‘rinbosari O‘ljay Avji so‘zlariga ko‘ra, joriy yil dastlabki besh oyida buyurtma 2025-yilning shu davriga nisbatan qariyb ikki barobar ko‘paygan.
Yana bir kompaniya – “Midea Turkey” rahbari Oydin Kuzalti ham ko‘hna qit’a mamlakatlaridan shoshilinch qo‘shimcha so‘rov olinayotgani, aniqrog‘i “Bizga barcha mavjud zaxirangizni yuboring” mazmunida xabar olganini aytdi va yaqin kelajakda yetkazib berish miqdori 100 000 donaga yetishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. Qolaversa, shamollatish moslamalariga ham talab keskin o‘sgan.
Darhaqiqat, Yevropa aholisi bu yil avval kuzatilmagan yuqori darajadagi haroratga duch keldi. Havo kutilmaganda keskin isib ketishi ortidan yuz berayotgan voqealar mintaqa notabiiy issiqqa tayyor emasligini namoyon etdi. Masalan, Fransiyada issiq to‘lqin bir hafta ichida 2000 dan ko‘p odamning hayotiga zomin bo‘ldi.

– Fransiyada bir hafta davomida haddan tashqari issiq payti 2025 noodatiy o‘lim holati qayd etildi, – deya bayonot bergan sog‘liqni saqlash vaziri Stefani Rist.
Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, o‘lim darajasi oldingi haftaga nisbatan 30 foiz oshgan. Eng ko‘p salbiy holat 45 yoshdan oshganlar orasida kuzatilgan. Uyda vafot etganlar soni esa 91 foiz ko‘paygan. Rasmiylar ma’lumot hali to‘liq emasligi, raqamlar o‘zgarishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Germaniyada ham sinovli davr boshlanganiga ancha bo‘ldi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, janubdagi Bavariya poytaxti Myunxen shahrida rekord darajadagi issiq, qurg‘oqchilik va yer osti suvi sathi pasayishi tufayli favqulodda holat e’lon qilindi.

Shahar meri Dominik Krauze shunday deydi:
– Biz o‘tgan asr 70-yillari boshidan beri yuz bermagan favqulodda holatga duch keldik. Uzoq davom etgan issiq to‘lqin tufayli suvga talab sezilarli darajada oshib, Myunxen suv ta’minoti tizimi imkoniyati chegarasiga yaqinlashyapmiz. Shuning uchun darhol suvni tejash choralarini ko‘ramiz.
Ta’kidlanishicha, ichimlik suvi ta’minoti hozircha barqaror. Shunga qaramay, Myunxen oyna tozalashni to‘xtatib, 150 joydagi bezak-favvoradan kamida 10 tasini yopish orqali jiddiy cheklov joriy etdi. Bundan tashqari mahalliy aholiga iste’molni kamaytirish tavsiya qilindi. Masalan, mashina yuvmaslik, vanna emas, dushdan foydalanish, tish yuvayotganda jo‘mrakni yopib turish, suzish havzasini to‘ldirmaslik va hokazo.
S.Rahimov, O‘zA