G‘azoda siyosiy burilish: HAMAS hududni boshqarishdan voz kechmoqda
Falastinning HAMAS harakati qariyb yigirma yildan buyon G‘azo sektorini boshqarib kelgan hukumat idorasi tugatilganini e’lon qildi.
Ushbu qaror urushdan vayron bo‘lgan va qamal ostidagi hududda fuqarolik boshqaruvini amalga oshirish uchun texnokrat mutaxassislar qo‘mitasi faoliyatiga yo‘l ochish maqsadida qabul qilindi.
Dushanba kuni e’lon qilingan bu qadam HAMAS uchun jiddiy siyosiy o‘zgarish hisoblanadi. Harakat 2006-yilgi qonunchilik saylovidagi g‘alabasidan so‘ng 2007-yil raqib guruh – “Fath” harakati bilan to‘qnashuv ortidan G‘azo nazoratini qo‘lga olgan.
Hozircha tashkilot qurolsizlanishi masalasi ochiq. G‘azo hukumati media idorasi tarqatgan bayonotga ko‘ra, favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi rahbari Muhammad Al-Farra lavozimidan rasman iste’fo bergan va tuzilma tarqatilgan. Mazkur chora kelishilgan ma’muriy o‘tish jarayonini tezlashtirish va tomonlar niyati jiddiyligini ko‘rsatish uchun zarur. Bu haqda “Al Jazeera” nashri xabar bergan.
HAMAS rasmiylari AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan, Isroilning G‘azodagi urushini tugatishga qaratilgan reja asosida tuzilgan “G‘azoni boshqarish bo‘yicha milliy qo‘mita” (NCAG) tezroq ish boshlashini istayapti. Tuzilma matbuot kotibi Hazim Qosim “Frans-Press” (AFP) agentligiga bergan intervyusida G‘azoni boshqarish mas’uliyati topshirilishi orqali bosqinchi kuchlar qirg‘inbarot urushni davom ettirish uchun bahona topishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadi ko‘zlangani, harakat mas’uliyatni milliy qo‘mitaga topshirishga to‘liq tayyor ekanini ta’kidladi.
“Al Jazeera” muxbiri Hani Mahmud G‘azo shahridan xabar berishicha, bu qaror siyosiy jihatdan juda muhim bo‘lib, muzokarani oldinga siljitish uchun HAMAS tomonidan yon bosilishi sifatida baholanmoqda. Shu tariqa hokimiyatda yuzaga kelgan bo‘shliqni to‘ldirish uchun texnokratlar qo‘mitasi G‘azoga kelishiga zamin yaratiladi.

Binobarin, HAMAS siyosiy yoki harbiy mavqeidan butunlay voz kechmoqchi emas, shunchaki fuqarolik hukumatini bevosita boshqarishdan chekinmoqda. G‘azoni boshqarish bo‘yicha milliy qo‘mita rahbari Ali Sha’s bayonotni olqishladi va barcha zarur resurs hamda imkoniyat yaratilishi bilan milliy mas’uliyatni zimmasiga olishga tayyorligini bildirdi.
AQSH tomonidan tashkil etilgan G‘azoda tinchlik kengashi oliy vakili Nikolay Mladenov esa deklaratsiyadan amaliyotga o‘tish ko‘prigi sifatida ayni qaror reja ijrosini yakunlash naqadar muhimligini ko‘rsatishiga urg‘u berdi. Hozirgacha milliy qo‘mita Isroil qarshiligi sabab sektor tashqarisida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Zero, Isroil hukumati G‘azoda HAMAS boshqaruviga ham, ayni payt G‘arbiy sohilni nazorat qilayotgan Falastin milliy ma’muriyati bevosita hokimiyat tepasiga kelishiga ham rozi emas.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA