Yevropa klublar kubogi: Abdusattorov jamoasi bugun chempionlik uchun kurashadi
Bugun, 23-avgust kuni Chernogoriyaning Budva shahrida shaxmat bo‘yicha klublar o‘rtasida o‘tayotgan Yevropa kubogining so‘nggi 7-tur o‘yinlarida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.
Unda Nodirbek Abdusattorov yetakchiligidagi “SuperChess Romania” jamoasi qora donalarda Anish Geri sardorligidagi “Bayegan Pendik Chess Sports Club” vakillari bilan, Yoqubboyevning “Novy Bor Chess Club” jamoasi Pranav sardorligidagi “Elektroprivreda” klubi bilan kuch sinashadi.
Aynan ushbu to‘rtta jamoa o‘rtasidagi o‘yinda qayd etiladigan natijalar 41-bor tashkil etilayotgan ko‘hna qit’a kubogi g‘olibini aniqlab berishi bilan ahamiyatlidir.

Kecha o‘tkazilgan 6-tur musobaqasida “SuperChess Romania” jamoasi “Novy Bor Chess Club” bilan ro‘baro‘ keldi.
Ushbu bahsda shaxmat ishqibozlari Abdusattorov-Yoqubboyev “jangi”ga guvoh bo‘lishdi.
Mamlakatimizning ikki nomdor grossmeysterlari kurashida Abdusattorovning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, har ikki jamoa o‘rtasidagi yakuniy o‘yinlar holatida tomonlar 3:3 hisobidagi durangga imzo chekdi.

Ushbu natijalardan keyin ortda qolgan 6-tur o‘yinlaridan keyin “SuperChess Romania” jamoasi 11 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga yetakchilik qilmoqda. Anish Giri sardorligidagi “Bayegan Pendik Chess Sports Club” va Yoqubboyev yetakchiligidagi “Novy Bor Chess Club” jamoalari ham 11 ochko bilan keyingi pog‘onalarda harakatlanmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA