“Yerning ko‘rinmas qalqoni”: ozon qatlamini qanday asrayapmiz?16-sentabr — Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuni
Ozon qatlami – Yerning yuqori qatlamlaridagi ko‘rinmas, ammo beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan “qalqon”. U insoniyatni va barcha tirik jonzotlarni zararli ultrabinafsha nurlardan himoya qiladi.
Mazkur qatlam bo‘lmasa, teri saratoni, ko‘z kasalliklari keskin ko‘payishi, qishloq xo‘jaligi va ekotizimlar izdan chiqishi muqarrar edi. 1980-yillarda olimlar tomonidan dalillar bilan shu qatlamning zararli kimyoviy moddalar ta’sirida yemirilayotgani aniqlandi. Bu inson tarixida ilk bor global ekologik hamkorlikning boshlanishiga turtki berdi.
16-sentabr — Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuni. Bu sana insoniyat uchun muhim ekologik muammolardan biriga — Yerni Quyoshning zararli ultrabinafsha nurlaridan himoya qiluvchi ozon qatlamini asrashga e’tibor qaratish maqsadida nishonlanadi. Ushbu sana 1987-yil 16-sentabrda ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokoli imzolangani bilan bog‘liq. 2026-yilgi mavzu “Sovuqroq sayyora uchun global harakat” bo‘lib, Monreal protokoli va uning Kigali tuzatishining global iqlim hamda ozon qatlamini muhofaza qilishdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Monreal protokolida ozon qatlamiga zarar yetkazuvchi qariyb 100 turdagi kimyoviy moddadan foydalanish va ularni ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich qisqartirish choralari belgilangan. 2016-yilda Ruandaning Kigali shahrida qabul qilingan Kigali tuzatishi esa ushbu sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. U kuchli issiqxona gazlari hisoblangan gidroftoruglerodlarni (HFC) bosqichma-bosqich kamaytirish hamda energiya tejamkor va ekologik xavfsiz sovitish texnologiyalariga o‘tishni jadallashtirishni ko‘zda tutadi.
O‘zbekiston tomonidan ozon qatlamini muhofaza qilish bo‘yicha bir necha yo‘nalishda ishlar olib borilmoqda. Xususan, mamlakat 1993-yil 18-mayda Vena konvensiyasi va Monreal protokoliga qo‘shilgan. Keyinchalik London, Kopengagen, Monreal va Pekin tuzatishlarini ratifikatsiya qilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-yanvardagi 17-son qarori asosida ozonni buzuvchi moddalar hamda tarkibida ular mavjud mahsulotlarni O‘zbekistonga olib kirish va olib chiqish davlat tomonidan tartibga solinadi. Bundan tashqari, HCFC moddalaridan bosqichma-bosqich voz kechilmoqda. Sovitish va konditsioner tizimlarida qo‘llanadigan gidroxlorftoruglerodlar (HCFC) ozon qatlamini yemiruvchi moddalar hisoblanadi. Monreal protokoli doirasida O‘zbekiston uchun ularni qisqartirish bo‘yicha aniq bosqichlar belgilangan. Ayni damda mamlakatda ozon qatlamini yemiruvchi moddalarning 99,9 foizi muomaladan chiqarilgan. Bu Monreal protokoli majburiyatlarini bajarish bo‘yicha sezilarli natijadir.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, ozon qatlamining o‘rtacha qalinligi taxminan 3 millimetrga teng. Ozon molekulalari (O₃) Yer yuzidan 10 kilometrdan 50 kilometrgacha bo‘lgan oraliqda tarqalgan. Ozon qatlamiga xavf tug‘diruvchi moddalar, asosan, xlorftoruglerodlar, gallonlar, metilbromid va boshqa kimyoviy moddalardir. Ushbu moddalarning atmosferaga chiqishi ozon molekulalarini parchalaydi. Ozon qatlamining yemirilishi esa nafaqat inson salomatligi, balki atrof-muhit uchun ham jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ozon qatlami – ko‘zimizga ko‘rinmaydigan, ammo hayotimiz uchun juda muhim qalqon, tabiatni asrashni kechiktirish esa insoniyat salomatligi uchun qimmatga tushishi mumkin. Uni asrash – faqat olimlar yoki davlatlar emas, balki har bir insonning mas’uliyati.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA