Popda 500 megavattlik quyosh elektr stansiyasi to‘liq quvvatda ish boshladi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Pop tumanida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish, elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish borasida yana bir yirik loyiha amalga oshirildi.
Germaniyaning “Hyper Partners GmbH” kompaniyasi tomonidan qiymati 350 million dollar bo‘lgan investitsiya loyihasi bosqichma-bosqich amalga oshirilib, quyosh fotoelektr stansiyasining quvvati 500 megavattga yetkazildi. Shu tariqa, zamonaviy texnologiyalar asosida barpo etilgan mazkur energetika ob’ekti to‘liq quvvatda ish boshladi.
Loyihaning amalga oshirilishi hududda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish, elektr energiyasi ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash va energetika sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-31461]
Quyosh elektr stansiyasining ishga tushirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda nuroniylar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda loyihaning ahamiyati, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlari va hudud energetika salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Pop tumanida mazkur yirik energetika loyihasining ishga tushirilishi Namangan viloyatida “yashil” energetika ulushini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish yo‘lidagi amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA