YeI mamlakatlarida o‘zbekistonlik kadrlarga talab ortmoqda
O‘zbekiston Migratsiya agentligi, Shveysariyaning "Globogate" rekruting kompaniyasi hamda Slovakiyaning "Penta Hospitals International" kompaniyasi o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik o‘rnatildi.
Ma’lumki, “Penta Hospitals International” — Markaziy Yevropadagi eng yirik xususiy tibbiyot tarmog‘i bo‘lib, 150 dan ortiq shifoxona va 100 ga yaqin tibbiy parvarish muassasasini boshqaradi.
Kompaniya tizimida 25 mingga yaqin xodim faoliyat yuritadi. Shuningdek, korporatsiya yaqinda Bratislava shahrida ham 1 400 nafar xodimga mo‘ljallangan yuqori texnologiyali shifoxona barpo etdi.
Yangi loyiha doirasida “Penta Hospitals International” uchun O‘zbekistonda shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash tizimi yaratiladi.

“Globogate” bilan amalga oshirilayotgan dastur doirasida qariyb 600 nafar o‘zbekistonlik hamshira Germaniyada ish bilan ta’minlangan. Endi mazkur hamkorlikni Chexiya, Slovakiya va Polsha keyinchalik, Estoniya, Latviya, Litvaga kengaytirish rejalashtirilmoqda.
G.Sattorova, O‘zA