Markaziy Osiyo xabarlari
Markaziy Osiyo mintaqasi strategik joylashuvi va boshqa ko‘plab imkoniyatlari sababli doimo xalqaro jamoatchilik diqqati markazida bo‘lib kelgan. Shu sababli bu hududda sodir bo‘layotgan voqea hodisalar ko‘pchilikka qiziq. Quyida mazkur mintaqada yaqin kunlarda sodir bo‘lgan muhim yangiliklar haqida ma’lumotlar olishingiz mumkin.
BMT Turkmaniston tashabbusi bilan “2028 - Xalqaro huquq yili” rezolyutsiyasini qabul qildi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 106-yalpi majlisida Turkmaniston tomonidan tashabbus ko‘rsatilgan "2028 - Xalqaro huquq yili" rezolyutsiyasi konsensus asosida qabul qilindi.
Ta’kidlanishicha, hujjatni 78 davlat qo‘llab-quvvatlagan. Turkmaniston tomoni qaror loyihasini taqdim etar ekan, hujjat Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va samarali ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun juda muhimligini ta’kidladi.
Ushbu rezolyutsiyaning qabul qilinishi xalqaro hamjamiyat tomonidan Turkmanistonning xalqaro huquq ustuvorligi tamoyillarini ilgari surish, tinchlik, ishonch va BMT doirasida konstruktiv ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha izchil sa’y-harakatlarini e’tirof etishini yana bir bor tasdiqlaydi.
Qozog‘istondagi beshta masjid YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi

Qozog‘istonning Mang‘istov viloyatidagi beshta masjid YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda o‘lka Prezidenti ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Erlan Karin ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror hozirda Janubiy Koreyaning Pusan shahrida bo‘lib o‘tayotgan YUNESKOning Jahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida qabul qilingan.
Ta’kidlanishicha, Beket Ota, Shopan Ota, Karaman Ota, Shakpoq Ota va Sulton Upi toshga o‘yilgan masjidlari ro‘yxatga kiritilgan. Erlan Karin Qozog‘istondagi madaniy meros ob’ekti oxirgi marta 22 yil oldin YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilganini aytdi.
Mang‘istovdagi toshga o‘yilgan masjidlar nafaqat ibodat joylari, balki ta’lim va ma’rifat markazlari sifatida ham xizmat qilgan. YUNESKO ularni ko‘p asrlik ma’naviy, madaniy va me’moriy an’analarning ajoyib namunalari sifatida e’tirof etdi.
Tojikistonda olti oy ichida 400 dan ortiq voyaga yetmaganlar nikoh guvohnomasini olgan

2026-yilning dastlabki olti oyida Tojikistonda 18 yoshgacha bo‘lgan 423 kishi suddan nikoh tuzish uchun ruxsat oldi. Bu davrda sudlar nikoh yoshini pasaytirish bo‘yicha 503 ta arizani ko‘rib chiqqan. Bu haqda Dushanbeda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mamlakat Oliy sud raisi o‘rinbosari Abduqahhor Tagozoda ma’lum qildi.
Oliy sud arizalarning aksariyati og‘ir moliyaviy ahvol, yetimlik va oila qurish zarurati bilan bog‘liqligini tushuntirdi. Shu bilan birga, Oliy sud raisining o‘rinbosari erta nikoh oilaning buzilishiga sabab bo‘lib qolishini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yoshlar ko‘pincha oilaviy hayotga va barqaror munosabatlarni saqlashga tayyor emas.
Tojikiston qonunchiligiga ko‘ra, nikoh yoshi 18 yosh. Biroq Oila kodeksining 13-moddasi nikoh yoshini istisno hollarda va faqat sud qarori bilan 17 yoshgacha tushirishga imkon beradi. Boshqa barcha hollarda, 18 yoshga to‘lmagan shaxs bilan nikoh (agar sud 17 yoshda nikohni tasdiqlamagan bo‘lsa) jinoyat hisoblanadi. Qonunda jarimadan tortib besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazolar nazarda tutilgan.
Sadir Japarov “Baliqchi-Qo‘chqor” temir yo‘lini ochib berdi va lokomotivni boshqardi

Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov o‘lkadagi 63 kilometrlik “Baliqchi-Qo‘chqor” temir yo‘lini ochdi.
- Biz muhandislik imkoniyatlarimizni va professional tajribamizni qayta tikladik, - deydi Sadir Japarov. - Bu tarixiy yutuq bo‘lib, mamlakatimiz yirik infratuzilma loyihalarini mustaqil ravishda amalga oshirishga qodirligini isbotlaydi.
Prezident yangi temir yo‘l iqtisodiy rivojlanishni tezlashtirishiga ishonch bildirdi. Kelajakda Makmalga boradigan qism quriladi, u Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li bilan bog‘lanadi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA