Yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar vaqtinchalik boshpana bilan ta’minlanadi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-avgustdagi qarori bilan “Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markaziga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglament muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markaziga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Unga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari hamda mahallada kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimlar tomonidan ko‘cha, vokzal, bozor, yer osti yo‘laklari, yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar va boshqa jamoat joylarida muntazam ravishda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar aniqlanadi hamda ularga markaz xizmatlaridan foydalanish taklif etiladi.
Voyaga yetgan muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxs joylashish uchun markazga bevosita murojaat qiladi.
Bunda voyaga yetgan muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxsning voyaga yetmagan farzandlari mavjud bo‘lsa, ular ushbu shaxs bilan birgalikda joylashtiriladi.
Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar tuman (shahar) darajasidagi tibbiyot muassasalarining shoshilinch qabul bo‘limlari tomonidan ular olib kelingan vaqtda tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Mazkur tibbiy ko‘rikda shaxsda markazga joylashtirishga monelik qiluvchi shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordamga muhtojlik holatlari hamda yuqumli kasalliklar mavjud bo‘lmagan taqdirda qabul qilinadi.
Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan so‘rovnomani to‘ldirish uchun ma’lumotlarning taqdim etilishi, uning markazga joylashtirish, ichki tartib-qoidalariga amal qilishga roziligini bildiradi.
So‘rovnoma shakllantirilganidan so‘ng muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxs markazga 7 kunga joylashtiriladi.
Ayrim belgilangan holatlarda markazda qolish muddati 6 oyga uzaytirilishi mumkin.
N.Abduraimova,
O‘zA