Yarmarka: talaba yoshlar uchun keng imkoniyatlar maydoni
Andijon davlat universitetida “Kelajak tadbirkori – 2026” kasb, bandlik va tadbirkorlik imkoniyatlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Markaziy bank, “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim va ilm-fan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Andijon shahar hokimligi hamkorligida tashkil etilgan yarmarka ochilishida so‘z olgan Andijon davlat universiteti rektori, professor Baxtiyorjon Akbaraliyev, “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Xoshimov tomonidan mamlakatimizda yoshlar, ayniqsa, oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ularning tashabbus va g‘oyalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi, yurtimizda mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Yarmarkada viloyatdagi boshqarma, korxona, tashkilot va muassasalar, xususiy sektor korxonalari o‘zlarining mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
– Yarmarkaning asosiy maqsadi, yoshlar hamda oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashishlariga ko‘maklashish, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat, – deydi “Kelajakka qadam” markazi rahbari Elmurod Xoshimov. – Ishonamanki, ko‘plab yoshlarimiz yaratilgan ushbu imkoniyatdan foydalanib, o‘zlari tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha ishga joylashadi, tadbirkorlik faoliyatlarini boshlash uchun zarur maslahat va tavsiyalar, amaliy yordamlar oladi.
Viloyatdagi texnikumlar, umumta’lim maktablari, nodavlat ta’lim muassasalari o‘zlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etdi.
– Yarmarkada rus tili, matematika, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi va boshqa qator fanlar bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etyapmiz, – deydi Andijon shahridagi “Boburiy” xususiy maktabining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Faxriddin Ikromov. – Asosan, turli fanlar bo‘yicha o‘qituvchilarni ishga taklif etyapmiz. Ishga joylashish istagidagi ko‘plab bitiruvchilar bilan suhbatlashdik, talab va takliflarimizni bildirdik. Andijon davlat universiteti va pedagogika institutining 20 dan ortiq bitiruvchisi jamoamizda ishlashga qiziqish bildirdi.
Yarmarkada Andijon shahridagi “Uz-Semyung Ko” O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi presslash, svarka sexlari, umuman korxonadagi 200 ga yaqin bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Mazkur korxonada Andijon davlat texnika instituti bitiruvchilari hamda talab etilayotgan ixtisosliklar bo‘yicha texnikum va kasb-hunar maktablarida tahsil olgan ko‘plab yoshlar ishlash istagini bildirdi.
– Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutining iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olaman, – deydi institutning 4-bosqich talabasi Alisher Asqaraliyev. – Ochig‘i, ushbu mehnat yarmarkasi men kabi ko‘plab yoshlarga ishga joylashish uchun keng imkoniyat berdi. Albatta, o‘zimga ma’qul bo‘ladigan ishlardan birini tanlab, ishga joylashishga harakat qilaman.
Shuningdek, yarmarkada Jalaquduq tumanidagi “Safir-tekstil” korxonasi ham mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
– Korxonamiz 50 ta bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi, – deydi korxona bo‘lim boshlig‘i Zamiraxon Odilova. – Asosan, tikuvchilik kasbiga ega yoki shu kasbda ishlash istagi bo‘lgan qiz-ayollarni ishga taklif etdik. Qiziqish istagini bildirganlarga korxonamizdagi mavjud shart-sharoitlar, imkoniyatlar haqida ma’lumotlar berdik.
Yarmarka doirasida “O‘zmilliybank” AJning “Kelajakka qadam” markazi direktori, viloyatdagi banklar mutaxassislari, “SAM BRIGHT LINE” oilaviy korxonasi rahbari, shuningdek, ish beruvchi tashkilotlar, korxona va muassasalar vakillari ishtirokida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan ochiq muloqot ham o‘tkazildi.
Muloqotda bitiruvchilarning biznes loyihalari va tadbirkorlik tashabbuslari muhokama qilinib, ularni amalga oshirish, moliyaviy imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda mehnat bozorida munosib o‘rin egallash yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, “Kelajak tadbirkori” loyihasi doirasida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, kengaytirish istagidagi bir guruh tadbirkor yoshlar va bitiruvchi talabalarga imtiyozli kredit olish uchun bank vaucherlari topshirildi.
– Men Andijon shahrida logistika yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatimni yo‘lga qo‘yganman, – deydi yosh tadbirkor Abdurauf Rahmatullayev. – Loyihani qo‘llab-quvvatlash uchun “O‘zmilliybank” dan 500 million so‘m kredit ajratildi. Ushbu mablag‘ hisobidan tadbirkorlikni yanada rivojlantiraman, yangi ish o‘rinlari yarataman.
Mazkur loyiha yoshlarning istiqbolli biznes-g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish, tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali bitiruvchilar bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Yarmarka davomida “O‘zmilliybank” viloyat boshqarmasi, shuningdek, viloyatdagi barcha banklar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi mutaxassislari tomonidan bitiruvchi yoshlarga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, kredit olish va rasmiylashtirish, mehnat qonunchiligiga oid keng tushuncha va ma’lumotlar berildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari