“Afrosiyob”: 15 yillik taraqqiyot va yuqori tezlik sari yo‘l
Mamlakatimizda masofalarni yaqinlashtirgan, safar vaqtini sezilarli darajada qisqartirgan yuqori tezlikdagi temir yo‘l qatnovi bugun mamlakat transport tizimining muhim tarkibiy qismiga aylangan.
Bundan 15 yil avval, 2011-yil 8-oktabr kuni “Afrosiyob” elektropoyezdining Toshkent — Samarqand — Toshkent yo‘nalishida muntazam qatnovi yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimiz temir yo‘l sohasida yangi bosqichni boshlab berdi.
Ispaniyaning “Talgo” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur zamonaviy elektropoyezd Markaziy Osiyoda yuqori tezlikdagi temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yishda muhim qadam bo‘ldi. Uning harakatga kelishi nafaqat yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratdi, balki ichki turizm, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar va xizmatlar sohasi rivojiga ham yangi imkoniyatlar ochdi.
Dastlabki ikkita “Talgo 250” tarkibidan keyin park yangi elektropoyezdlar bilan to‘ldirildi. Bugungi kunda mamlakatimizda oltita “Afrosiyob” elektropoyezdi mavjud. Ular zamonaviy qulayliklar va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan texnologiyalar bilan jihozlangan.
“Afrosiyob”ning ahamiyatini faqat harakat tezligi bilan baholab bo‘lmaydi. U yo‘lovchilarning manzilga yetib borish vaqtini qisqartirish, safarni oldindan rejalashtirish va yirik shaharlar o‘rtasidagi qatnovni qulay tashkil etish imkonini bermoqda.
Bugungi kunda yuqori tezlikdagi poyezdlar Toshkentni Samarqand, Buxoro, Qarshi va Shahrisabz kabi yirik tarixiy hamda turistik markazlar bilan bog‘laydi. Bu esa mamlakat bo‘ylab sayohat qilishni osonlashtirib, ichki turizm salohiyatidan samarali foydalanishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, tarixiy shaharlarga qisqa muddatda yetib borish imkoniyati sayyohlar, tadbirkorlar va xizmat safariga otlangan yo‘lovchilar uchun muhim ahamiyatga ega. Temir yo‘l qatnovining rivojlanishi hududlar o‘rtasidagi harakatchanlikni oshirish bilan birga, turizm va unga bog‘liq xizmatlar bozori faolligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘tgan 15 yil davomida “Afrosiyob” O‘zbekistonda zamonaviy temir yo‘l transporti rivojining ramziga aylandi. Endilikda ushbu yo‘nalishdagi taraqqiyotni davom ettirish poyezdlar parkini yangilash, infratuzilma imkoniyatlarini kengaytirish, qatnovlar barqarorligini ta’minlash va yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish kabi vazifalar bilan chambarchas bog‘liq.
Zero, yuqori tezlikdagi temir yo‘l — bu shunchaki transport vositasi emas. U vaqtni tejash, hududlarni yaqinlashtirish va mamlakatning turistik hamda iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiluvchi muhim infratuzilmadir. “Afrosiyob”ning 15 yillik yo‘li esa O‘zbekistonda temir yo‘l sohasini modernizatsiya qilish jarayonining muhim sahifalaridan biri hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA