Yaponiyada kiyiklar tufayli mashhur kungaboqar festivali bekor qilindi
Yaponiyaning Koriyama shahrida har yili o‘tkazib kelinadigan an’anaviy kungaboqar festivali kiyiklar soni keskin ko‘payib ketgani sababli to‘xtatildi. “The Mainichi” nashri xabar berishicha, jonivorlar ommabop sayyohlik maskanidagi o‘simliklarni deyarli to‘liq yeb bitirgan.
“Koriyama Nunobiki Kaze no Kogen Matsuri” nomli bayram tadbiri 23-avgust kuni Nunobiki tog‘ida, dengiz sathidan 1 080 metr balandlikda o‘tkazilishi kerak edi. Afsuski, 7-avgust kuni tashkilotchilar tadbir bekor qilinganini rasman e’lon qilishdi.
2008-yildan beri ko‘ngillilar tomonidan 9 gektar maydonga 1,8 million tup kungaboqar ekib kelinar edi. Ushbu hudud gulzordan tashqari Inavashiro ko‘li, Banday tog‘i manzarasi va 33 ulkan shamol turbinasi bilan ham mashhur. Ta’kidlanishicha, kiyik bilan bog‘liq muammo o‘tgan yil ham kuzatilgan. Bepoyon hududni himoya qilish juda qiyin. Qishloq xo‘jaligi ekini hisoblanmaydigan kungaboqarni elektr to‘siq bilan o‘rash xarajati shahar subsidiyasi hisobidan qoplanmaydi. Shu bois 9 gektar maydon uchun mustaqil ravishda elektr energiyasi manbai topish lozim edi. Qolaversa, yaqin oradagi shamol turbinalari foydalanish muddati tugab borayotgani va hududda qurilish ishlari rejalashtirilgani sababli, anjumanning kelasi yil o‘tkazilishi ham so‘roq ostida.
Avvalroq Akita muzofotida ayiqlar odamga hujum qilish holati ko‘paygani va gubernator Kenta Suzuki muammoni hal qilish uchun armiyani yordamga chaqirgani xabar қилинган edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA