Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi vakillari bilan uchrashuv
Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazida Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi (JST), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) delegatsiyasi hamda Yaponiya universitetlarining yetakchi olimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tashrif Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish uchun innovatsion yechimlarni ishlab chiqishga qaratilgan SATREPS-2020 xalqaro ilmiy-tadqiqot dasturining yakuniy baholash missiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida xorijiy hamkorlar Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi faoliyati, uning zamonaviy ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi, tajriba maydonlari va “Orolbo‘yi mintaqasida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini va sho‘rlanishning qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi va aholi turmush darajasiga ta’sirini monitoring qilish va boshqarishning innovatsion iqlimga chidamli texnologiyalarini ishlab chiqish” xalqaro loyihasini amalga oshirish doirasida erishilgan asosiy natijalar bilan tanishdilar.

Tashrif davomida qo‘shma tadqiqotlarning amaliy natijalariga alohida e’tibor qaratildi. Delegatsiya a’zolariga suv resurslari va tuproq sho‘rlanishini monitoring qilishning zamonaviy texnologiyalari, meteorologik va ekologik kuzatuvlar tarmog‘ining faoliyati, geoaxborot tizimlarini (GIS) qo‘llash, Yerni masofadan zondlash, shuningdek, Orolbo‘yi sharoitida joriy etilayotgan iqlim va agroekologik jarayonlarni tahlil qilishning innovatsion usullari taqdim etildi.

Uchrashuvning asosiy bosqichlaridan biri O‘zbekiston va Yaponiya olimlari tomonidan 2025-yilda Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi hududida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari taqdimoti bo‘ldi. Ishtirokchilar, shuningdek, 2026-yilda amalga oshirilgan tadqiqotlarning oraliq natijalarini ko‘rib chiqdilar. Erishilgan natijalarning samaradorligini muhokama qildilar va loyiha yakunlangunga qadar uni amalga oshirishning keyingi yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi (JST) vakillari O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik darajasini yuqori baholab, tadqiqot jamoalarining kasbiy mahorati, olingan ilmiy natijalarning amaliy ahamiyati hamda Orolbo‘yi mintaqasining ekologik va agrar muammolarini hal qilishda zamonaviy texnologiyalarning muvaffaqiyatli joriy etilayotganini ta’kidladilar. SATREPS-2020 dasturi yakunlangandan so‘ng loyiha natijalarining barqarorligini ta’minlash va ularni kelgusida amalda qo‘llash imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Ochiq muloqot doirasida tomonlar ikki tomonlama ilmiy-texnik hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlarni kengaytirish, yangi xalqaro loyihalarni tayyorlash va dolzarb ekologik muammolarni hal qilish uchun zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri