Yangiyo‘l tumanida elektr ta’minoti yaxshilanmoqda (+Video)
Shu kunlarda Prezidentimiz rahbarligida joriy yilning 27-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishiga asosan Yangiyo‘l tumanida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti.
Prezident topshirig‘i amalda
Hududda aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarini ta’mirlash va modernizatsiya qilish ishlari izchil davom etmoqda.

Ayni paytda 52 mingdan ortiq iste’molchi elektr energiyasi bilan ta’minlanyapti. Mavjud elektr xo‘jaligi 422 ta transformator punkti hamda umumiy uzunligi 1 ming 356,9 kilometr bo‘lgan 10/6/0,4 kilovoltli elektr uzatish tarmoqlarini qamrab olgan. Joylarda o‘tkazilgan texnik o‘rganishlar natijasida 422 ta transformator punktining 234 tasi ta’mirtalab ekani aniqlandi. Shundan 183 tasi “sariq”, 51 tasi esa “qizil” toifaga kiritilgan. Shuningdek, umumiy uzunligi 144,3 kilometr bo‘lgan elektr tarmoqlarni ham ta’mirlash zarurligi belgilandi.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida ishchi guruh tashkil qilingan bo‘lib, 155 nafar mutaxassis hamda 20 dan ortiq ta’mirlash brigadasi jalb etildi. Ular zarur maxsus texnika va jihozlar bilan ta’minlandi. Ta’mirlash ishlari uchun hozirgacha turli quvvatdagi 12 ta transformator, 16 ta 10 kilovoltli ajratkich hamda mingdan ortiq ehtiyot qismlari yetkazib berildi.
— Joriy yil 1-avgust holatiga ko‘ra, transformator punktlarining 160 tasida ta’mirlash ishlari yakunlandi, — deydi Yangiyo‘l tumani elektr ta’minoti rahbari Ibrohim No‘g‘monov. — Shuningdek, umumiy uzunligi 55,2 kilometr bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlari ham soz holga keltirildi. Bundan tashqari, elektr energiyasi uchun debitor qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Joriy yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, tumanda 11 milliard 522 million so‘mlik qarzdorlik undirildi. Shundan 10 milliard 876 million so‘mi aholi, 646 million so‘mi esa ulgurji iste’molchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.

“Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi”(ASKUE)ning samaradorligini oshirish yuzasidan ham ishlar davom etmoqda. Uch kun mobaynida aloqaga chiqmagan 189 ta elektron hisoblagichning ishlashi qayta tiklandi. Shuningdek, almashtirilishi lozim bo‘lgan 3 ming 482 ta hisoblagichning 614 tasi yangisiga almashtirildi. Reyd tadbirlari davomida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 86 ta holat aniqlanib, 321 ming kilovatt-soat elektr energiyasining noqonuniy sarfiga chek qo‘yildi.
Mas’ullarning ta’kidlashicha, amalga oshirilayotgan ishlar aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini uzluksiz hamda sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash, tarmoqlardagi texnik yo‘qotishlarni kamaytirish va energetika infratuzilmasi ishonchliligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA