Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligi tahlil qilindi
Muammolarning eng yaxshi yechimi bu muloqotdir. Shuning uchun ham Prezidentimiz tashabbusi bilan aholi murojaatlarini tinglashning yangi yechimlari ishlab chiqildi.
Ana shunday tashabbuslarning amaliy ifodasi o‘laroq, Yakkasaroy tumani Xalq qabulxonasida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, aholi murojaatlarini o‘z vaqtida, sifatli va qonunchilik talablari asosida ko‘rib chiqish tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi boshlig‘i Farrux Omonov boshchiligidagi bir guruh mas’ullar hamda mutasaddi tashkilotlar va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Muhokamalar davomida fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish holati atroflicha tahlil qilinib, mavjud muammolarni bartaraf etish, har bir murojaatga mas’uliyat bilan yondashish, ijro intizomini mustahkamlash hamda aholi bilan ochiq va samarali muloqotni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, murojaatlarning kelib chiqish sabablarini chuqur o‘rganish, tizimli muammolarni barvaqt bartaraf etish va har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini unutmasdan ish olib borish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Yakunda mas’ullarga murojaatlar ijrosini qat’iy nazoratga olish, aholini qiynayotgan masalalarga tezkor va amaliy yechimlar topish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Sherbek Islomov,
O‘zA