Yangilanishlar ertangi taraqqiyot poydevoridir
Tarix va zamonaviy dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, eng ilg‘or texnologiyalar ham, ulkan moliyaviy resurslar ham bilimli, tashabbuskor va fidoyi kadrlarsiz o‘z samarasini bermaydi. Chunki har qanday taraqqiyotning markazida inson omili turadi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda inson resurslarini boshqarish masalasi so‘nggi yillarda mutlaqo yangi mazmun va ahamiyat kasb etmoqda. Ilgari oddiy “kadrlar bo‘limi” doirasida qaralgan ushbu yo‘nalish bugun strategik ahamiyatga ega davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu esa mamlakatda inson kapitaliga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarayotganini, har bir xodim salohiyatini rivojlantirish va samarali foydalanish davlat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini ko‘rsatadi.
Yaqin o‘tmishda davlat xizmatiga ishga kirish ko‘pchilik uchun murakkab va yopiq jarayon sifatida qabul qilingan edi. So‘nggi islohotlar bu stereotipni butunlay o‘zgartirdi. Xususan, 2019-yilda qabul qilingan farmon va 2022-yildagi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun sohada mutlaqo yangi yondashuvni shakllantirdi.
Bugungi kunda har bir fuqaro vacancy.argos.uz platformasi orqali ochiq tanlovlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega. Bu esa davlat xizmatini haqiqiy raqobat maydoniga aylantirdi. Eng muhimi, tizimga munosiblar tanlanishi tamoyili joriy etildi. Shu bilan birga, hrm.argos.uz va test.argos.uz kabi raqamli platformalar orqali xodimlarni baholash, ularning salohiyatini aniqlash va rivojlantirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu esa inson resurslarini boshqarishda shaffoflik va samaradorlikni ta’minlamoqda.
So‘nggi yillarda davlat boshqaruvi tizimida sifat jihatidan muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, rahbar kadrlar faoliyatini baholashda yangi yondashuv – natijadorlikka asoslangan tizim joriy etilmoqda. Endilikda rahbarlarning ish faoliyati “shunchaki ishlash” mezoni bilan emas, balki aniq ko‘rsatkichlar muhim samaradorlik indikatorlari orqali baholanmoqda. Bu esa har bir rahbardan yuqori mas’uliyat, aniq reja va amaliy natija talab etadi.
Jumladan, “Samaradorlik.uz” platformasi orqali hokim o‘rinbosarlaridan tortib, vazirlik va idoralar mutasaddilarigacha bo‘lgan rahbar kadrlarning faoliyati tizimli ravishda tahlil qilinmoqda. Ushbu yondashuv orqali faqat vazifani bajarish emas, balki uning samarasi, jamiyatga bergan natijasi asosiy mezonga aylanmoqda. Bu tizim, o‘z navbatida, faoliyatga formal yondashuvni cheklab, “ishga kelib-ketuvchi” emas, balki natija uchun mas’uliyatni his qiladigan, tashabbuskor va professional kadrlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Mamlakat taraqqiyotida inson kapitali hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu bois, malakali va zamonaviy fikrlaydigan kadrlarni tayyorlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Ushbu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruv akademiyasida inson resurslarini rivojlantirish yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichining ochilishi muhim qadam bo‘ldi. Bu tashabbus davlat boshqaruvi tizimi uchun professional kadrlar zaxirasini shakllantirishda yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Bugungi kunda mazkur yo‘nalishda respublikaning turli hududlaridan saralab olingan 30 nafar tinglovchi tahsil olmoqda. Ular Mehnat kodeksi, zamonaviy HR menejment nazariyalari, shuningdek, turli avlodlar – X, Y va Z vakillari bilan samarali ishlash ko‘nikmalari bo‘yicha chuqur bilim va amaliy tajribaga ega bo‘lmoqda.
Eng muhimi, ushbu ta’lim jarayoni nazariya va amaliyot uyg‘unligi asosida tashkil etilgani bilan ahamiyatlidir. Bu esa kelajakda davlat xizmatiga kirib keladigan kadrlarning nafaqat bilimli, balki amaliy jihatdan ham tayyor bo‘lishini ta’minlaydi.
Keyingi yillarda davlat boshqaruvi tizimida samarali islohotlar amalga oshirilayotganiga qaramasdan, bu yo‘nalishda hal etilishi lozim bo‘lgan vazifalar ham mavjudligini tan olish kerak. Xususan, davlat organlarida strategik rejalashtirish mexanizmlari hali to‘liq shakllanmagani, ayrim holatlarda funksiyalarning bir-birini takrorlashi va qaror qabul qilish jarayonlarining markazlashganligi mahalliy darajada samaradorlikka to‘sqinlik qilmoqda.
Ayni damdagi, eng dolzarb masalalardan biri davlat xizmatchisining ma’naviy qiyofasini yuksaltirishdir. Korrupsiyaga qarshi kurashish faqat institutsional islohotlar bilan cheklanib qolmasligi kerak. Bu jarayonda “halollik vaksinasi”ni jamiyat ongiga singdirish, xizmat vazifasini vijdonan ado etish, odob-axloq qoidalariga nafaqat ish joyida, balki kundalik hayotda ham amal qilish madaniyatini shakllantirish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.
Bugungi yangilanishlar ertangi barqaror taraqqiyot poydevoridir. Zero, kuchli kadrlarsiz kuchli davlatni barpo etish mumkin emas.
Nasiba Turemuratova,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat siyosat va boshqaruv akademiyasi
Inson resurslarini rivojlantirish yo‘nalishi magistratura tinglovchisi.
O‘zA.