Surxondaryoda eng yaxshi maktablar saralanmoqda
FOTOREPORTAJ
Termiz shahridagi 9-umumta’lim maktabida Prezident sovrini uchun o‘tkazilayotgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining viloyat bosqichi boshlandi.
Mazkur tanlov ta’lim tizimida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish hamda o‘quvchilarning bilim darajasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Unda erishilayotgan natijalar, avvalo, ustozlarning fidokorona mehnati va zamonaviy ta’limga intilishining amaliy ifodasidir.
Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot kotibi Dildora Musayevaning ma’lum qilishicha, joriy yilda tanlovda ishtirok etish uchun viloyatdagi 725 ta maktabdan 3625 nafar o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Ular mart oyida tuman va shahar bosqichlarida qatnashgan bo‘lib, viloyat bosqichiga 15 ta jamoadan 75 nafar o‘quvchi saralab olingan.
Ishtirokchilar to‘rtta shart asosida o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyish etadi. Baholash markazi tomonidan har bir qatnashchining natijalari ko‘rib chiqiladi. G‘olib jamoa tanlovning respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qiladi.
[gallery-29199]
Tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichi g‘oliblari 1-o‘rin uchun 250 million so‘m, 2-o‘rin uchun 200 million so‘m, 3-o‘rin uchun 150 million so‘m miqdorida mukofotlanadi. Respublika bosqichi g‘oliblari esa mos ravishda 500, 400 va 300 million so‘m bilan taqdirlanadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA