Yangihayotda yangi maktab foydalanishga topshirildi
Yangi mahalla, yangi uylar, yangi maktab — Yangihayotda yangi o‘quv yili ana shunday yangilik bilan boshlanmoqda. Guliston shahrining Yangihayot mahallasi hududida 990 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy umumta’lim maktabi foydalanishga topshirildi.
Mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida tashkil etilgan tantanali ochilish marosimida Guliston shahri hokimi o‘rinbosari Dilmurod Toshboyev, shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbariyati va xodimlari, nuroniylar, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Yangi ta’lim maskani qurilishi 2024-yilda boshlangan bo‘lib, bunyodkorlik ishlari joriy yil avgust oyida yakunlandi. Qurilish ishlariga 13 milliard 200 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

990 o‘ringa mo‘ljallangan maktabga joriy o‘quv yilida 502 nafar o‘quvchi qabul qilingan. Ularga 35 nafar pedagog ta’lim-tarbiya bermoqda.
O‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun dargohda zarur sharoitlar yaratilgan. Sinf xonalari interaktiv doskalar, kompyuterlar va multimedia vositalari bilan jihozlangan. Laboratoriyalar esa o‘quvchilarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lashi uchun zarur uskunalar bilan ta’minlangan.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, yosh avlodga sifatli bilim va tarbiya berish, o‘quvchilar uchun munosib sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtaldilar. Yangi ta’lim muassasalarining barpo etilishi farzandlar kamoli, ularning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng mehmonlar maktabning sinf xonalari, laboratoriyalari hamda o‘quvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdilar. Yorug‘ va keng xonalar, zamonaviy ta’lim vositalari bilan jihozlangan sinflar bolalarning bilim olishi uchun qulay muhit yaratilganini ko‘rsatdi.

— Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida mahallamizda shunday zamonaviy ta’lim maskani foydalanishga topshirilgani barchamiz uchun katta quvonch. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, yosh avlodga sifatli ta’lim va tarbiya berish uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning bugungi natijasini maktabimiz misolida ham ko‘rish mumkin. Yangi dargohda o‘quvchilarning zamonaviy bilim olishi uchun barcha sharoit muhayyo etilgan. Bunday g‘amxo‘rlik va e’tibor biz, pedagoglarni yanada mas’uliyat bilan ishlashga, bolalarga sifatli ta’lim-tarbiya berishga undaydi. Yaratilgan sharoitlar uchun yurtimiz rahbariyati, barcha mutasaddilar va bunyodkorlarga minnatdorchilik bildiramiz, — deydi maktab direktori Elyor Boboyev.

Yangi maktabning ish boshlashi Yangihayot mahallasi aholisi uchun ham muhim voqea bo‘ldi. Ayniqsa, Yangi O‘zbekiston massivida yangi ko‘p qavatli uylar barpo etilayotganini inobatga olsak, ta’lim muassasasining ishga tushirilishi hududda yashayotgan oilalar uchun katta qulaylik yaratadi.

Zero, yangi turar joylar bilan bir qatorda maktab, tibbiyot va boshqa ijtimoiy ob’ektlarning barpo etilishi hudud infratuzilmasini kompleks rivojlantirishga xizmat qiladi.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan ushbu maktab endi yuzlab o‘quvchilar uchun bilim va tarbiya maskaniga aylanadi. Eng muhimi, bu yerda bolalar o‘z qobiliyati va iste’dodini namoyon etib, orzu-maqsadlari sari dadil qadam tashlashlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri