Jizzaxda istiqlol tantanalari davom etmoqda
Jizzax shahrida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri yuksak ruh va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilmoqda. Bu yilgi shodiyona uchun yaqinda bunyod etilgan zamonaviy “Mustaqillik bog‘i”dagi muhtasham amfiteatr tanlangani bayramga alohida fayz va salobat bag‘ishladi.
Tantanali marosimda Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirok etib, viloyat ahlini qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etdi. U o‘z tabrigida istiqlol yillarida mamlakatimiz, xususan, Jizzax vohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, el-yurt farovonligi va hudud taraqqiyoti yo‘lidagi ezgu tashabbuslarni alohida e’tirof etdi.
Ayni paytda bayram manzilidagi muhtasham sahna O‘zbekistonning 35 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘lini tarannum etuvchi musiqiy va sahnaviy chiqishlar bilan jonlandi. Vatanga sadoqat, yurtga muhabbat, tinchlik va osoyishtalik, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini ifoda etgan kuy-qo‘shiqlar, dilbar raqslar, harbiy namoyishlar hamda mazmunli sahna ko‘rinishlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.


Bayram dasturining har bir chiqishida istiqlolning inson hayotidagi beqiyos qadri, ozod va erkin yurtda yashash baxti, Vatan ravnaqi uchun fidokorona mehnat qilish g‘oyalari o‘zining yorqin ifodasini topdi. Sahnada yangragan jo‘shqin kuylar va dildan yangragan qo‘shiqlar esa bir maqsad — muqaddas Vatanga muhabbat tuyg‘usini yanada yuksaltirdi.


Mustaqillik milliy davlatchiligimizning mustahkam poydevori, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi ezgu ishlarimizning asosi va kelajak avlodlarga bezavol yetkazilishi lozim bo‘lgan buyuk qadriyatdir. Shu bois yurtimizning eng ulug‘ ayyomiga bag‘ishlangan tadbirlar nafaqat shodiyona, balki istiqlol yillarida bosib o‘tilgan sharafli yo‘lga nazar, bugungi yutuqlarni qadrlash va kelajak maqsadlarni belgilash pallasi sifatida ham ahamiyat kasb etdi.


Prezident Shavkat Mirziyoyevning Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigida ham ana shu ezgu ruh, ulkan ishonch va yuksak maqsadlar alohida ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekiston taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘yayotganini qayd etib, kelgusi o‘n yillik milliy yuksalish davri bo‘lishini ta’kidladi.
Prezident tabrigida istiqlolning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘layotgani, xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati va davlat bilan xalq birdamligi bugungi natijalarning asosiy omili ekaniga urg‘u berildi. Ta’lim, tibbiyot, iqtisodiyot, ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar, ekologiya, adolat, mahalla va tashqi siyosat kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladigan yangi milliy dasturlar esa taraqqiyotning keyingi bosqichi uchun mustahkam zamin yaratishi qayd etildi.

Jizzaxdagi bayram tantanasida ham ana shu g‘oyalar — yagona maqsad atrofida jipslashish, Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish, tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish, ertangi kunga katta ishonch bilan qarash tuyg‘ulari namoyon bo‘ldi.
Zero, Prezident ta’kidlaganidek, 35 yillik mustaqil taraqqiyot xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi blmasligini ta’kidladi. Bu ishonch Jizzax ahlining bayramona kayfiyati, yangi bunyodkorlik qiyofasi va kelajakka intilishida ham yaqqol ko‘zga tashlandi.
Tantanali dasturning yakuniy qismida O‘zbekiston xalq artisti Sevara Nazarxon ijrosidagi “Vatanim” qo‘shig‘i yangradi. Unda Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va istiqlolning beqiyos ne’mat ekani tarannum etildi. Musiqa sadolari ostida bayramning eng ta’sirchan lahzalari yana bir bor namoyon bo‘ldi.


Shodiyona yakunida osmonni rang-barang shu’lalarga burkagan mushakbozlik Jizzax uzra o‘ziga xos yorqin manzara hosil qildi. Amfiteatrda jam bo‘lgan yurtdoshlar ushbu betakror tomoshani katta quvonch va ko‘tarinki kayfiyat bilan qarshi oldilar.
Bayram tadbirlari viloyat bo‘ylab davom etmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri