Yangi Zelandiya osmonida ikkita yirik meteor kuzatildi
So‘nggi kunlarda Yangi Zelandiya osmonida ikkita yirik meteorga o‘xshash osmon jismi yorqin chaqnab, kuchli gumburlash ovozi bilan harakatlangan.
Ushbu noyob hodisani kuzatgan aholi hayratda qolgan, ayrim hududlarda hayvonlar ham bezovta bo‘lgan. Seshanba kuni soat 22:20 dan biroz o‘tib, Shimoliy orol hududi ustida ulkan olov shariga o‘xshash meteor ko‘ringan. Bundan oldin, yakshanba kuni kechqurun Janubiy orol osmonida ham shunga o‘xshash hodisa kuzatilgan. Avtomobil video registratorlari, xavfsizlik kameralari va maxsus meteor kuzatuv qurilmalari orqali olingan tasvirlarda osmonni yoritgan kuchli chaqnash aks etgan.
Guvohlar ijtimoiy tarmoqda meteor uchishi ortidan kuchli gumburlash ovozi eshitilganini yozgan. Ayrimlar osmondagi jism to‘q sariq rangda yonib, ortidan binafsha tusli iz qoldirgani, keyin qora tutunga o‘xshash iz chiqqanini aytgan. Ba’zi joylarda kuchli tovush qush va chorva mollarini ham bezovta qilgan.
Meteorlar va meteoritlarni kuzatish bilan shug‘ullanuvchi “Fireballs Aotearoa” tashkiloti rahbari Stiv Uin-Xarris ham ushbu hodisaga guvoh bo‘lgan. Uning aytishicha, eng qiziqarli jihat odamlar meteor harakatidan hosil bo‘lgan kuchli tovush to‘lqinini eshitganidir. Bu jism atmosferada nisbatan past harakatlangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar meteorning ayrim bo‘laklari yerga tushgan bo‘lishi ehtimolini istisno qilmayapti. Shu bois “Fireballs Aotearoa” aholini noodatiy qora toshlarga e’tibor qaratish, shunday topilma aniqlansa, darhol xabar berishga chaqirdi.
Ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi 150 yil davomida Yangi Zelandiyada atigi 10-marta meteorit kuzatilgan. Mamlakatda aholi zich emasligi, tog‘ va o‘rmon ko‘pligi sabab juda ko‘p meteorit hanuz topilmagan.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA