Anqaradagi uchrashuvda kutilmagan hodisa: Iroq vaziri hujjatni imzolashdan bosh tortdi
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va Iroq Bosh vaziri Ali Zaydiyning Anqaradagi muzokarasi yakunida o‘tkazilgan shartnomalarni imzolash marosimi kutilmagan voqea bilan yodda qoldi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri efir payti Iroq transport vaziri Vahob Salmon Muhammad “Taraqqiyot yo‘li” yirik loyihasiga oid hujjatga qo‘l qo‘yishni istamadi. Tadbirda dastlabki uch bitim imzolanib, tadbir yakunlangani e’lon qilingach, Erdog‘an hayron bo‘lib “Hujjatlar beshta emasmidi?”, deya savol bergan. Shundan so‘ng Iroq delegatsiyasi orasida munozara boshlanib, transport vaziri tegishli memorandumni imzolamagani ayon bo‘ldi.
Ayni holat tomonlar o‘rtasida siyosiy kelishmovchilik borligi haqidagi shubhani keltirib chiqargan bo‘lsa-da, keyinchalik hodisa qisqa muddatli texnik tushunmovchilik sabab yuz bergani aytildi.
Ali Zaydiy tarjimonga yuzlanib “Prezidentga ayting, men vazirga hujjatni imzolashni buyurdim”, dedi. Shundan keyin vazir stolga qaytib, turkiyalik hamkasbi O‘ral o‘g‘li bilan birga transport sohasiga oid ikki bitimni imzoladi.
Ayrim taxminlarga ko‘ra, vazirning bunday harakati ortida tashqi kuchlar ta’siri turgan bo‘lishi mumkin. Vahob Salmon Muhammad Eron bilan yaqin aloqaga egaligi idda qilinadigan “Badr” tashkiloti yuqori martabali vakili hisoblanadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA