Yangi Toshkentda TDYUUning yangi kampusi qurilishi boshlandi
Yangi Toshkentda Toshkent davlat yuridik universitetining yangi kampusi qurilishiga start berildi.
Tadbirda adliya vaziri, vazirlikning mas’ul xodimlari, universitetning faxriy professor-o‘qituvchilari va nuroniylar ishtirok etib, binoga dastlabki tamal toshini qo‘yishdi.
Davlatimiz rahbari mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan yettita milliy dasturni e’lon qilgan edi. Ularning birinchisi bilim va malakani rivojlantirishga bag‘ishlangan. Dasturda oliygohlarni dunyo reytinglarida yuqori pog‘onalarga olib chiqish vazifasi belgilangan.
Shu o‘rinda TDYUU professori, yuridik fanlar doktori Firuza Muxitdinova shunday dedi:
— Prezidentimiz dunyo reytinglariga intilayotgan oliygohlarga ishonch bildirgan edi. Bugun TDYUU ham yangi zamonaviy kampusi, dual ta’limi va barcha sharoitlari bilan ana shu marra sari katta qadam tashlamoqda.
Yangi kampusda zamonaviy o‘quv binosi, elektron kutubxona, amaliy mashg‘ulotlar uchun maxsus xonalar va talabalar turar joyi barpo etiladi.
Universitetda dual ta’lim tizimi joriy etilmoqda. Talabalar nazariy bilimni auditoriyada, amaliy ko‘nikmani sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda egallaydi.
Ekspertlar fikricha, yangi kampus universitet ilmiy salohiyatini oshiradi, xalqaro hamkorlikni kengaytiradi va xorijiy talabalarni jalb qilishga imkon beradi.
— Ustozlar qo‘li bilan qo‘yilgan tamal toshi — avlodlar vorisligining ramzi. Bu binoda o‘qiydigan yoshlar adolat posbonlari bo‘lib yetishadi, — deydi Firuza Muxitdinova.
Hamroz Bayonov, O‘zA