Namangandagi bir qator boshqarmalarda rahbarlar o‘zgardi
Namangan viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan navbatdagi tahliliy yig‘ilishda viloyatdagi bir qator boshqarmalarga qo‘yilgan yangi rahbarlar rasman tanishtirildi.
Anvarjon Botiraliyevich Hakimov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Mazkur tayinlov “O‘zagroinspeksiya” boshlig‘ining tegishli buyrug‘i bilan amalga oshirildi.
Ma’lumot o‘rnida, Anvarjon Hakimov yangi tayinlovga qadar Namangan viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
***
Anvarbek Abdulboqiyevich G‘afforov Namangan viloyati Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Anvarbek G‘afforov yangi tayinlovga qadar Namangan viloyati O‘simliklar karantini boshqarmasining boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Mazkur tayinlov O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisining buyrug‘i asosida amalga oshirildi.
***
Dilshod Otamirzayevich Hojiyev Namangan viloyati hokimligi huzuridagi “Ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash bo‘yicha injiniring kompaniyasi” davlat muassasasi direktori etib tayinlandi.

Dilshod Hojiyev yangi tayinlovga qadar “Darvoza savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati xavfsizlik xizmati departamentining Farg‘ona vodiysi bo‘yicha xodimi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Ushbu tayinlov Namangan viloyati hokimining tegishli qarori asosida amalga oshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri