Yangi taraqqiyot sari dadil qadam
Buxoro viloyati taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish, hududning iqtisodiy, ijtimoiy va investitsiya salohiyatini to‘liq ishga solishga qaratilgan tarixiy ahamiyatga ega hujjat — “Buxoro viloyatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida atroflicha muhokama qilindi. Mazkur strategiya nafaqat kelgusi besh yillik taraqqiyot yo‘lini belgilaydi, balki Buxoroni Markaziy Osiyoning eng raqobatbardosh, innovatsion va investitsiyaviy jozibador hududlaridan biriga aylantirishni ko‘zda tutadi.
[gallery-445666]
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov tomonidan strategiyaning asosiy maqsad va vazifalari yuzasidan batafsil axborot taqdim etildi.
Ma’lum qilinganidek, mazkur hujjat Prezidentning 2026-yil 16-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining hududiy davomi bo‘lib, Buxoro viloyatining mavjud imkoniyatlari, iqtisodiy salohiyati, demografik o‘sishi, tabiiy resurslari va global o‘zgarishlar chuqur tahlil qilingan holda ishlab chiqilgan.
So‘nggi yillarda Buxoro viloyatida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar iqtisodiyotning mutlaqo yangi qiyofasini shakllantirdi. Agar avval hudud asosan turizm bilan tanilgan bo‘lsa, bugungi kunda u sanoat, xizmatlar, investitsiyalar va tadbirkorlik jadal rivojlanayotgan iqtisodiy markazga aylanib bormoqda.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, yalpi hududiy mahsulot 86,6 trillion so‘mga yetdi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot 41 million so‘mdan oshdi. Biroq dunyodagi iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, texnologik raqobat va xalqaro bozorlardagi o‘zgarishlar Buxoro oldiga yanada ulkan vazifalarni qo‘ymoqda. Shu bois strategiya iqtisodiyotni ekstensiv emas, balki yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan innovatsion modelga o‘tkazishni asosiy maqsad qilib belgilagan.
Strategiyaga muvofiq, kelgusi besh yilda, yalpi hududiy mahsulot 13,1 milliard AQSH dollariga, aholi jon boshiga YAHM 5,8 ming AQSH dollariga, sanoat mahsulotlari hajmi 109,9 trillion so‘mga, xizmatlar sohasi 133,1 trillion so‘mga yetkaziladi.
Shuningdek, iqtisodiyotga 17,7 milliard AQSH dollari xorijiy investitsiya jalb qilish, eksportda tayyor mahsulotlar ulushini keskin oshirish hamda "Made in Bukhara" brendini xalqaro bozorlarda mustahkamlash ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Strategiyada turizm sohasi iqtisodiyotning eng kuchli drayverlaridan biri sifatida e’tirof etilgan. 2030-yilga borib, sayyohlar soni 13,5 million nafarga, turizm xizmatlari eksporti 1,7 milliard AQSH dollariga yetkaziladi.
Buning uchun tarixiy shahar muhitini asrab-avaylash, ziyorat, gastronomik, ekologik va madaniy turizmni rivojlantirish, yangi mehmonxonalar qurish hamda “24/7 Buxoro” konsepsiyasini hayotga tatbiq etish rejalashtirilgan. Hujjat markazida inson manfaati turadi. Maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha bo‘lgan tizim sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tariladi.
Sog‘liqni saqlash sohasida raqamli texnologiyalar keng joriy etilib, tibbiy xizmatlar xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etiladi. Xotin-qizlar va yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish hamda Buxoroni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish strategiyaning eng muhim maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Strategiyaning eng muhim yangiliklaridan biri — funksional hududiy rivojlanish modelining joriy etilishidir. Unga ko‘ra, Buxoro shahri — xalqaro ziyorat va madaniy turizm hamda kreativ iqtisodiyot markaziga, Kogon — transport-logistika va sanoat xizmatlari markaziga, G‘ijduvon — sanoat, hunarmandchilik va mahalliylashtirish markaziga, Qorako‘l va Qorovulbozor — gaz-kimyo hamda energetika markaziga, Vobkent, Peshku va Shofirkon — suv tejamkor agrosanoat hududlariga, Olot — chegaraoldi savdo va logistika markaziga, To‘dako‘l — zamonaviy turistik-rekreatsion klasterga aylantiriladi. Bu yondashuv har bir hududning ichki imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, investitsiya samaradorligini oshirish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Kelgusi yillarda barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich raqamlashtiriladi. Sun’iy intellekt texnologiyalari davlat boshqaruviga joriy qilinib, IT sohasi, startaplar va raqamli xizmatlar bozori keng rivojlantiriladi. 2030-yilga kelib, IT Park rezidentlari soni 169 taga, raqamli xizmatlar eksporti 85 million AQSH dollariga yetkaziladi.
Strategiyada ekologik barqarorlik alohida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Suv tejovchi texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, chiqindilarni qayta ishlash, yashil hududlarni kengaytirish hamda har bir resursdan samarali foydalanish iqtisodiy o‘sishning ajralmas qismi sifatida qaraladi. Shuningdek, har bir maqsad, vazifa, moliyalashtirish manbalari, mas’ul ijrochilar va aniq natijadorlik ko‘rsatkichlari belgilangan.
Barcha loyihalar yagona raqamli platforma orqali onlayn monitoring qilinadi, davlat mablag‘larining har bir so‘mi esa yangi ish o‘rinlari, eksport, investitsiya va aholi farovonligiga qo‘shayotgan hissasi asosida baholanadi. Strategiya ijrosi xalq deputatlari viloyati Kengashi tomonidan muntazam nazorat qilinadi. 2028-yilda oraliq, 2030-yilda esa yakuniy baholash o‘tkaziladi.
“Buxoro – 2030” strategiyasi — bu shunchaki navbatdagi dastur emas, balki viloyatning kelajak taqdirini belgilaydigan, iqtisodiyotning mutlaqo yangi modelini shakllantiradigan, har bir shahar va tumanning imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqaradigan ulkan taraqqiyot dasturidir.
Ushbu strategiya amalga oshirilsa, Buxoro nafaqat O‘zbekistonning, balki butun Markaziy Osiyoning yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi sanoat, zamonaviy xizmatlar, raqamli iqtisodiyot, ziyorat va madaniy turizm markazlaridan biriga aylanadi. Eng muhimi, bu islohotlarning samarasi har bir mahalla, har bir oila va har bir inson hayotida yaqqol seziladi. Ana shu jihat “Buxoro – 2030” strategiyasining eng katta qiymati va tarixiy ahamiyatini belgilab beradi.
Sessiyada deputatlar “Buxoro viloyatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” loyihasidagi maqsadli ko‘rsatkichlar, tuman va mahallalar kesimida mo‘ljallangan ishlarga e’tibor qaratdi.
Muhokamalar yakunida deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar inobatga olinib, mazkur masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Sessiya ishida Oliy Majlis Senati a’zosi, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov qatnashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari