“Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi”
Buxoro viloyatida oila muqaddasligi, milliy qadriyatlar va ahillik muhitini keng targ‘ib etishga qaratilgan “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, namunaviy oilalar tajribasini ommalashtirish hamda yosh avlodni milliy va oilaviy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Tanlovda shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, viloyat bosqichiga yo‘llanma olgan 13 ta oila ishtirok etdi. Ishtirokchilar bellashuv davomida oilaviy qadriyatlarga sodiqlik, farzand tarbiyasi, ma’naviy-ma’rifiy saviya, jamiyat hayotidagi faollik hamda milliy an’analarni asrab-avaylash borasidagi tajribalarini namoyish qildi.

Bellashuvlar 3 ta muhim shart asosida o‘tkazilib, har bir oila o‘zining ijtimoiy faolligi, ijodiy chiqishlari va hayotiy tajribasi bilan hakamlar hay’ati hamda tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Jumladan, “Tadbirkor oila”, “Ziyoli oila”, “Ahil oila”, “Saxovatli oila”, “Kitobsevar oila”, “Ma’rifatparvar oila”, “Fayzli oila”, “Ibratli oila”, “Matonatli oila”, “Fidokor oila”, “Yangi O‘zbekistonning ibratli yosh oilasi” hamda “Yangi O‘zbekistonning namunali yosh oilasi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ishtirokchilar taqdirlandi.

Ko‘rik-tanlovning asosiy g‘olibligi esa Kogon tumanidan ishtirok etgan Durdaliyevlar oilasiga nasib etdi. Ular “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” tanlovining mutlaq g‘olibi deb e’tirof etildi.
Tadbir yakunida barcha g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tanlovlar jamiyatda oila instituti nufuzini yanada oshirish, ahil va baxtli oilalar tajribasini keng ommalashtirish, yoshlarni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.