Xavfsizlik va osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgan muhim choralar
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i, polkovnik Diyorbek Sattorovning Buxoro viloyatiga amaliy tashrifi doirasida jamoat xavfsizligini mustahkamlash, huquq-tartibotni ta’minlash hamda aholi osoyishtaligini muhofaza qilishga qaratilgan qator muhim tadbirlar amalga oshirildi.
Tashrif avvalida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati patrul-post xizmati boshqarmasiga zamonaviy maxsus xizmat avtotransport vositalarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yangi texnikalar ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati samaradorligini yanada oshirish, huquqbuzarliklarning oldini barvaqt olish, aholi murojaatlariga tezkorlik bilan yetib borish hamda hududlarda xavfsiz muhitni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolar tinchligi va xavfsizligini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash esa soha xodimlarining xizmat sharoitlarini yaxshilash va ularning imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi aytildi.

Shuningdek, Buxoro shahri hududida tungi xizmatga jalb qilingan hamda mahallalarga biriktirilgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishtirokida maxsus yo‘riqnoma o‘tkazildi. Unda davlatimiz rahbarining jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qaror va topshiriqlari ijrosi, shuningdek, jinoyatchilikni qisqartirishda samara berayotgan “Chilonzor tajribasi” asosida ishlarni tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.



Mutasaddilar tomonidan xavfsiz muhitni shakllantirishda profilaktika inspektorlari, patrul-post xizmati xodimlari va keng jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhim omil ekani ta’kidlandi. Ayniqsa, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish hamda fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.