Yangi o‘quv yilidan 326 ta musiqa va san’at maktabidagi o‘qituvchilarning oyligi ham umumta’lim maktablari bilan bir xil bo‘ladi
Endi umumta’lim va musiqa maktabi o‘qituvchilari ish haqiga o‘quvchilarining cholg‘ularni qay darajada ijro etishiga qarab, 20 foizgacha ustama to‘lanadi.
Yangi o‘quv yilida kamida 1,5 million o‘quvchini musiqa va san’atga jalb qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun 326 ta musiqa va san’at, 29 ta ixtisoslashgan maktab bilan umumta’lim maktablari o‘rtasida ijodiy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Musiqa va san’at maktablarining ijodiy jamoalari umumta’lim maktablarida muntazam konsert-tomosha dasturlari va mahorat darslarini o‘tkazib borishi zarurligi qayd etildi.
Har yili teatr, cholg‘u, xor va raqs yo‘nalishida umumta’lim maktablari o‘rtasida tuman, viloyat, respublika darajasida tanlovlar o‘tkaziladi. Ularning ijod mahsulini respublika bo‘yicha targ‘ib qilish, sahna dekoratsiyalari va liboslari, musiqa asboblari olish uchun 500 million so‘mdan grant beriladi.
Shuningdek, respublika tanlovi g‘oliblari madaniyat va san’at oliygohlariga o‘qishga qabul qilinadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvi davom etmoqda.
O‘zA