“Musiqa va san’at”, “Estrada va sirk” texnikumlariga oliy maktab maqomi beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvi davom etmoqda.
–Mening niyatim – har bir xonadonga musiqa cholg‘usi kirib borsin, har bir o‘g‘il-qizimiz musiqa chalishni o‘rgansin. Chunki san’atni, musiqani sevgan bolaning qalbi toza, tafakkuri keng bo‘ladi, – dedi Prezidentimiz.
Mutasaddilarga har bir umumta’lim maktabida musiqa va san’at yo‘nalishida kamida 4 tadan to‘garak tashkil qilish topshirildi. Milliy cholg‘u sotib olgan to‘garaklarning 30 foiz xarajati qoplab beriladi.
–Biz ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash haqida gapirganda, imkoniyati cheklangan yoshlarimizni ham unutmasligimiz lozim, – dedi davlatimiz rahbari.
Buning uchun yangi o‘quv yilidan hududlarda “Inklyuziv ijodiy ustaxonalar” tashkil qilinadi. Inklyuziv ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga darsliklar, ijod uchun zarur anjomlar xaridi uchun har yili 30 milliard so‘mdan ajratib boriladi.
Madaniyat va san’at sohalari uchun kadr tayyorlash o‘ziga xos ijodiy xususiyatlarga asoslanib tashkil etilishi kerak. Shu bois, yangi o‘quv yilidan ixtisoslashgan maktablarga o‘quvchilar musiqa yo‘nalishida 5-sinfdan, raqs, teatr, san’at bo‘yicha 9-sinfdan qabul qilinadi.
Kasbiy ta’lim agentligi tasarrufidagi “Musiqa va san’at”, “Estrada va sirk” texnikumlari Madaniyat vazirligi tizimiga o‘tkazilib, ularga oliy maktab maqomi beriladi.
O‘zA