Yangi Namanganda Shimoliy aylanma yo‘l rekonstruksiya qilinmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Yangi Namangan tumani hududidan o‘tuvchi 4R-117 Shimoliy aylanma avtomobil yo‘lida keng ko‘lamli qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda mazkur yo‘lning Chortoq yo‘nalishidagi 29–35-kilometrlar oralig‘ida rekonstruksiya ishlari davom etmoqda.
Loyihaga muvofiq, umumiy uzunligi 6 kilometr bo‘lgan ushbu yo‘l uchastkasi 6 polosali qilib kengaytirilmoqda. Shuningdek, hududdagi irrigatsiya tizimidagi mavjud muammolarni bartaraf etish, piyodalar uchun zamonaviy va xavfsiz yo‘lakchalar barpo etish hamda tungi yoritish tizimini o‘rnatish ishlari ham amalga oshirilmoqda.
[gallery-30283]
Ma’lum qilinishicha, loyiha uchun jami 87 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Qurilish jarayoniga 20 ta maxsus texnika va 65 nafar ishchi-xodim jalb etilgan.
Xususan, 4R-117 avtoyo‘lining 29–35-kilometr qismida «Roviston qurilish» MCHJ tomonidan qayta ta’mirlash va asfaltlash ishlari olib borilayotir. Unda 9 ta maxsus texnika, 16 ta asfalt tashuvchi yuk avtomobili va 17 nafar ishchi ishtirok etmoqda. Hozirda yo‘l qoplamasini 12 santimetr qalinlikda zichlash, shuningdek, 7 santimetr qalinlikda asfalt yotqizish ishlari bajarilayapti.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, rekonstruksiya ishlari yakuniga yetgach, yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati sezilarli darajada oshadi, transport harakati yengillashadi va harakat xavfsizligi yanada mustahkamlanadi. Bu esa aholi uchun qulay va zamonaviy yo‘l-transport infratuzilmasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Hududda amalga oshirilayotgan bunday keng qamrovli ishlar transport infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga munosib sharoit yaratish hamda hududlarning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA