Qanday hollarda yer uchastkalarini jamoat ehtiyoji deb olib qo‘ysa bo‘ladi?
Ma’lumki, qonunchiligimizda yer uchastkalarini har qanday boshqa maqsadlarda olib qo‘yilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish sifatida talqin etish taqiqlanadi.
Sababi, yer uchastkalarini ham olib qo‘yish jamoat ehtiyojlari deb e’tirof etilishi asoslari bor.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Aygerim Aripbayeva bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
– “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga ko‘ra, yer uchastkalarini quyidagi maqsadlarda olib qo‘yish jamoat ehtiyojlari deb e’tirof etiladi:
Jumladan, Mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni, erkin savdo zonalarini tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun yerlar berilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish uchun, foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish uchun (bundan keng tarqalgan foydali qazilmalar konlari mustasno) olinishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, respublika ahamiyatiga hamda mahalliy ahamiyatga molik avtomobil va temir yo‘llarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya ob’ektlarini hamda aviatexnika markazlarini, temir yo‘l transporti ob’ektlarini, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika va aloqa tizimining muhandislik ob’ektlari hamda tarmoqlarini, kosmik faoliyat ob’ektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun olinishi mumkin.
Tasdiqlangan aholi punktlari bosh rejalarining ob’ektlarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qurishga oid qismini bajarish uchun ham, davlat investitsiya dasturlarida ko‘rsatilgan davlat ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalarining binolari hamda inshootlarini markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan qurish nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish uchun ham olinadi.
Asos: “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida” gi qonun.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA