Yangi kasblar asriga tayyormisiz?
Bundan bir necha yil oldin Jorj Oruellning mashhur “1984” romanini o‘qigan edim. Unda inson tafakkuri nazoratga olingan, axborot ustidan to‘liq hukmronlik o‘rnatilgan jamiyat haqida so‘z boradi. Asarni o‘qiganimda “bunday dunyo faqat tasavvurda bo‘lishi mumkin”, deb o‘ylagan edim.
Ammo oradan besh yil o‘tib, sun’iy intellekt hayotimizga shunday tez va chuqur kirib keldiki, Oruell tasvirlagan voqelikning ayrim jihatlari real hayotda namoyon bo‘la boshladi. Shuningdek, u asar ilk bor 1949 yilda chop qilingan. Shu paytdan beri Oruellning fikrlari, aniqroq aytganda. inson ongi va texnologiya nazorati haqidagi tasavvurlari, butun dunyo uchun ogohlantiruvchi signal bo‘lib kelmoqda.
Bugun sun’iy intellekt bir vaqtning o‘zida 10 nafar odam bajara oladigan vazifalarni samarali amalga oshiradi. Bu esa tabiiy ravishda mehnat bozorida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Yangi sohalar, yangi kasblar va yangi talablar tug‘ilyapti.
Kelajakda ma’lumot eng qimmat resursga aylanadi. Dunyoda “data scientist”, “AI-injener”, “mashinaviy o‘qitish mutaxassisi” kabi kasblar nafaqat dolzarb, balki strategik ahamiyat kasb eta boshladi. Chunki har bir qaror, biznes, hatto davlat siyosati ham ma’lumot tahliliga tayanadi. Masalan, 2026 yildan boshlab global AKT bozorida mutaxassislarga talab yiliga 30 foizdan ortiq o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Jamiyatda tizimlar raqamlashgan sari xavflar ham ko‘paymoqda. Shuning uchun kiberxavfsizlik sohasi yangi asrning asosiy ehtiyojlaridan biri sifatida o‘rin egalladi. Shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlarni himoya qilish kelajakning eng dolzarb vazifasiga aylanmoqda. Shu bois kiberxavfsizlik mutaxassislari raqamli dunyoda posbon vazifasini bajaryapti.
Sog‘liqni saqlash tizimida ham inqilobiy o‘zgarishlar kechmoqda. Biotexnologiya, gen tahlillari, sun’iy organ muhandisligi kabi yo‘nalishlar inson hayotini uzaytirish, kasalliklarni barvaqt aniqlash va tabiat bilan uyg‘un yashash imkonini bermoqda. Kelajakda bioinjenerlar, gen mutaxassislari va bioinformatiklar eng talabgir kasblardan bo‘lishi, shubhasiz.
Bugungi ekologik muammolar ham yangi kasblarni tug‘dirmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari, yashil iqtisodiyot va ekologik muhandislik faqat tabiatni asrash emas, balki yangi ish o‘rinlari, yangi imkoniyatlar degani hamdir. Kelajak texnologiya bilan birga tabiat bilan ham hamnafas bo‘lishni talab qiladi.
– Sun’iy intellekt kirib kelishi, joriy etilishi va rivojlanishi bilan kelajakda qanday yangi kasblar paydo bo‘ladi?
Bu savolimizga Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti matbuot kotibi Nozim Bo‘ronov quyidagicha javob berdi:
– Sun’iy intellekt (SI) texnologiyalari global miqyosda mehnat bozorini tubdan o‘zgartirmoqda. Bugungi kunda dunyodagi yetakchi kompaniya va mamlakatlarda SI tizimlarini ishlab chiqish, joriy etish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq yangi kasblar shakllanmoqda. Bu jarayon O‘zbekiston uchun ham dolzarb ahamiyat kasb etadi, chunki mamlakatimiz “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda e-hukumat loyihalari doirasida SI texnologiyalari keng joriy qilinmoqda.
Jahon tajribasidan ko‘rinib turibdiki, SI bilan bog‘liq eng muhim yangi kasblar quyidagilar: AI etikasi bo‘yicha mutaxassis, ma’lumotlar tahlilchisi va muhandisi, mashinaviy o‘qitish muhandisi, tibbiyotda SI bo‘yicha mutaxassis, avtonom transport va logistika mutaxassisi, raqamli ijod mutaxassisi va SI xavfsizligi mutaxassisi.
O‘zbekistonda ham sun’iy intellekt bilan bog‘liq yangi kasblar uchun tayyorgarlik allaqachon boshlangan. Masalan, Toshkent tibbiyot akademiyasida 2024 yildan boshlab rentgen va saraton diagnostikasida SI tizimlari sinovdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlaridagi “aqlli shahar” loyihalari doirasida transport, xavfsizlik va energiya tizimlarini boshqaradigan mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda.
– Kelajakda yoshlar qanday malaka va tayyorgarlikka ega bo‘lishi kerak, deb o‘ylaysiz?
– Kelajakda eng muvaffaqiyatli mutaxassislar – texnologiyani chuqur biluvchi va inson qadriyatlari hamda axloqiy mas’uliyatni unutmaydigan yoshlar bo‘ladi. Yoshlar faqat texnik bilim bilan cheklanib qolmasligi, balki innovatsiya, ijod va muloqat qobiliyatini ham rivojlantirishi zarur.
Shu bilan birga, SIni joriy etishda mahalliy sharoitni tushunish, axborot xavfsizligi va inson huquqlariga rioya qilish kabi masalalar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli yoshlar tahlil, dasturlash, dizayn va etika sohalarida bilim olishi lozim. Bu ularni nafaqat mahalliy, balki global miqyosda ham raqobatbardosh qiladi.
Biroq texnologiya qay darajada rivojlanmasin, inson omili. ya’ni hissiyot, ijod va ma’naviyat hech qachon o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Robot yoki sun’iy intellekt insonning yuragi, hissi va fikrlash qobiliyatini almashtira olmaydi. Shu bois ijod, ta’lim, psixologiya, media va ijtimoiy innovatsiyalar sohasi har doim muhim bo‘lib qoladi.
Yangi kasblar asrida faqat texnologiya emas, balki o‘zgarishga moslasha olish ham muhimdir. Kim o‘z ustida ishlasa, yangi bilimlarni o‘zlashtirsa va texnologik tendensiyalarni kuzatib borsa, kelajak unga imkoniyat eshiklarini ochadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA